O‘zbekistonda Barqaror rivojlanish maqsadlari oyligi o‘tkazilmoqda.

Oylik doirasida Senatda BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM) bajarilishi bilan bog‘liq masalalar muhokamasiga bag‘ishlangan konferensiya tashkil etildi.

Tadbirda barqaror rivojlanish uchun tinch va ochiq jamiyatga ko‘maklashish, hamma odil sudlovdan foydalanishini ta’minlash va samarali, hisobdor va keng ishtirok etishga asoslangan institutlarni yaratishga ko‘maklashish masalasiga e’tibor qaratildi.

Mamlakatning barqaror rivojlanishida qonun ustuvorligini ta’minlash, davlat boshqaruvida jamoatchilik ishtirokini yanada kengaytirish juda muhim.

Bu borada O‘zbekistonda salmoqli natijalarga erishilmoqda va bu dunyo hamjamiyati tomonidan ham e’tirof etilayotir.

Aholining ijtimoiy-siyosiy jarayonlardagi faolligi ortdi. Zo‘ravonlik, ayniqsa, xotin-qizlar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlarining oldini olishga qaratilgan ishlar o‘z samarasini bermoqda.

Bundan tashqari, xotin-qizlar va bolalar huquqlarini himoya qilish, ularga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish bo‘yicha qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi.

Ayollarga nisbatan sodir etilayotgan zo‘ravonlik holatlarini barvaqt aniqlash uchun qisqa raqamli “1259” koll-markazi faoliyati yo‘lga qo‘yilib, 8 mingga yaqin ayollarga huquqiy va psixologik yordam ko‘rsatildi.

“Oilaviy zo‘ravonlik” ilk bor alohida qilmish sifatida baholanib, uni sodir etgan shaxslar uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik normalari belgilandi.

Xususan, “regulation.gov.uz” normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida hozirgi kunga qadar muhokamaga qo‘yilgan 21 ming 408 normativ-huquqiy hujjat loyihasi bo‘yicha fuqarolar tomonidan 61 ming 778 taklif kelib tushgan.

Davlat organlarining ochiqligi va shaffofligini yanada oshirishga qaratilgan amaliy tadbirlar tufayli korrupsiyaga qarshi kurashish borasida sezilarli o‘zgarishlar kuzatilgani qayd etildi.

Sud tizimining haqiqiy mustaqilligini ta’minlash bo‘yicha muhim qadamlar qo‘yildi hamda odil sudlovga erishish kafolatini kuchaytirish maqsadida Oliy sud tomonidan qator chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Tadbir yakunida BRMga erishishda davlat boshqaruvi organlari faoliyati to‘g‘risida jamoatchilikni muntazam ravishda xabardor qilish zarurligi qayd etildi.

Tazyiq va zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan xotin-qizlar va bolalar manfaatini o‘z vaqtida himoya qilish mexanizmlarini takomillashtirish, uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashishda jamoatchilik yordamidan foydalanish kabi qator tavsiyalar berildi.

N.Abduraimova, O‘zA