Tibbiyot xabarlari

Poytaxtimizda Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining yangi birlashgan kompleksi bunyod etilmoqda.

Sakkiz qavatli mazkur binodan 650 o‘rinli statsionar, 100 o‘rinli kunduzgi statsionar, 500 qatnovga mo‘ljallangan poliklinika, ilmiy tadqiqotlar uchun zamonaviy talablarga javob beradigan referens laboratoriya joy oladi.

O‘z navbatida, bu yerda 17 ta yangi klinik bo‘lim faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Jumladan, mamlakatimizda ilk bor suyak ko‘migi transplantatsiyasi bo‘limi ochiladi. 45 ta reanimatsion va 16 ta operatsion xonalar eng so‘nggi texnologiyalar bilan ta’minlanadi.

Intensiv terapiya bo‘limi yurak monitorlari, o‘pkani sun’iy shamollatish moslamalari va boshqa zamonaviy asbob uskunalar bilan ta’minlangan konsolli funksional yotoqlarga ega bo‘ladi.

Kompleksda bemorlarni nur bilan davolash uchun 9 ta bunkerdan iborat radioterapiya arsenali bilan birga yadroviy tibbiyot bo‘limi ishga tushiriladi. Birida to‘xtalishlar yuz bergan taqdirda ham boshqalari uning o‘rnini to‘ldirishi natijasida davo muolajasi uzluksizligi ta’minlanadi.

Shuningdek, markazda Pozitron emission tomografiya apparati siklotron bilan uskunalar kompleksi o‘rnatiladi. Ushbu noyob uskunalar kompleksi yordamida o‘sma kasalliklarni erta bosqichlarda va boshqa diagnostik usul bilan aniqlanmagan metastazlarni dastlabki darajasida aniqlash imkoni bo‘ladi.

Sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov markaz binosi bilan tanishib, shu jarayonda loyihachilar, pudratchilar va arxitektorlar bilan muloqot qildi. Shuningdek, muassasa uchun zarur jihozlarni qisqa muddatda olib kelib o‘rnatish yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriqlar berdi.

Xalqaro ilmiy-amaliy anjumanda bolalar salomatligi masalalari

Sog‘liqni saqlash va bolalarni muhofaza qilish, aholi salomatligini mustahkamlash, har tomonlama rivojlangan avlodni tarbiyalash davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridandir. Joriy yil yakuniga qadar “Aholi salomatligi – 2030” Milliy strategiyasini ishlab chiqish ko‘zda tutilgan bo‘lib, bu borada ko‘plab ishlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, Samarqand davlat tibbiyot universiteti oldiga ham bir qator vazifalar qo‘yilgan bo‘lib, “Pediatriya va farmatsiya: bolalar va o‘smirlar salomatligi yo‘lida xalqaro uchrashuv” mavzusida tashkil etilgan xalqaro ilmiy-amaliy anjuman ana shu vazifalar ijrosiga qaratildi.  Unda fundamental va klinik tibbiyot sohasidagi yetakchi olim va ilmiy izlanuvchilar, pediatr hamda farmatsevtlar hamda o‘ttizga yaqin xorijiy mamlakatlar mutaxassislari tomonidan sohaga oid dolzarb masalalar muhokama qilindi.

Farmatsevtika tadqiqotlarining zamonaviy usullari bo‘yicha ayollar o‘rtasida kasalliklarning oldini olish dasturlari, onalar va bolalarni erta tashxislash va sog‘lomlashtirish, sog‘lom turmush tarzi ko‘nikmalarini shakllantirish, kasalliklarning samarali oldini olish, yuqori texnologiyali va innovatsion usullarni joriy etish va boshqa bir qator masalalar yuzasidan ma’ruzalar tinglandi.

OIV va OITS: ochiq muloqot”

OIV profilaktikasi, davolash va xabardorlik sohasidagi sezilarli yutuqlarga qaramay, aholiga bu borada dolzarb ma’lumotlarni yetkazishda,  taqdim etishda kamchiliklar bor. Boisi, OIV va OITS kasalliklari haqida tayyorlanayotgan materiallarga yondashuvni o‘zgartirish, “OITS – asr vabosi”, “Bedavo dard” singari atamalardan imkon qadar kamroq foydalanish vaqti keldi.

To‘g‘ri, bu kasallik biron bir insonga yuqdimi, bir umrga organizmida saqlanib qoladi. Ammo zamonaviy tibbiyot yutuqlari natijasida ushbu kasallikni yuqtirganlar ham dori-preparatlarini muntazam qabul qilish natijasida sog‘lom odamlardek umr kechirishlari, oila qurishlari, sog‘lom farzand ko‘rishlari mumkin.

Poytaxtimizda tashkil etilgan “OIV va OITS: ochiq muloqot” tadbirida ta’kidlanganidek, ushbu kasallikni yuqtirganlar ham jamiyatdan ajralib qolmasligi, sog‘lom insonlardek hayot kechirishlari lozim. Buning uchun jamoatchilik fikrini shakllantirishda jurnalistlar, blogerlar mavzu doirasida yoritilayotgan materiallarda ma’lum mezonlarga ahamiyat qaratishi maqsadga muvofiqdir. Tadbirda ana shu mezonlar haqida tushuntirishlar berildi. OITS kasalligi bilan yashayotgan yoshlarning hayotiy hikoyalari eshitildi.

Tadbirda shuningdek, sog‘lom turmush tarzi, kasalliklardan himoyalanish yo‘llari haqida fikr almashildi.

Mohigul Qosimova, O‘zA