“Samarqand” davlat muzey-qo‘riqxonasi tarkibidagi “Buyuk Ipak yo‘li: O‘zbekiston va Xitoyning oltin merosi” muzeyida O‘zbekiston – Xitoy madaniy va tarixiy merosiga bag‘ishlangan “Ipak va Ipak yo‘li. Xanchjoudan Samarqandgacha” deb nomlangan ko‘rgazma tashkil etildi.

O‘zbekiston madaniyati va san’atini rivojlantirish jamg‘armasi, O‘zbekiston madaniyati tarixi davlat muzeyi, Xanchjoudagi Xitoy milliy ipak muzeyi hamkorligida tashkil etilgan ko‘rgazmada Yahyo G‘ulomov nomidagi Samarqand arxeologiya instituti, “Samarqand” davlat muzey-qo‘riqxonasi va Xanchjoudagi Xitoy milliy ipak muzeyining sara to‘plamlaridan iborat 86 ta eksponat namoyish etilmoqda.

Ushbu ko‘rgazma joriy yilning sentyabr-noyabr oylarida Xitoy milliy ipak muzeyida XIX Osiyo o‘yinlari munosabati bilan uyushtirilgan “Rang-barang Osiyo: Osiyo liboslari ko‘rgazmasi”ning o‘ziga xos ramziy davomi sifatida o‘tkazilmoqda. “Rang-barang Osiyo: Osiyo liboslari ko‘rgazmasi” O‘zbekiston madaniyati va san’atini rivojlantirish jamg‘armasi ko‘magida o‘tkazilgan bo‘lib, unda yurtimiz an’anaviy san’atining 20 ta eng sara namunalari – zarbof to‘nlar, chopon, so‘zana va zargarlik buyumlari namoyish etilgan edi. Tomonlar ushbu ko‘rgazmaning uzviy davomi sifatida Samarqandda xalqlarimiz o‘rtasidagi qadimiy hamkorlik aloqalaridan so‘zlovchi madaniy merosga bag‘ishlangan ko‘rgazma tashkil etishga kelishishgan edi, Ushbu kelishuv asosida boshlangan ko‘rgazmada ikki xalq madaniyatiga oid noyob eksponatlar tomoshabinlarga  namoyish  etilmoqda.

– Ko‘rgazmadan o‘rin olgan eksponatlar o‘ziga xos betakror va qadim tarixni o‘zida mujassam etgan, – deydi Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi tadqiqotchisi Mahmudxon Yunusov. – Xitoy Milliy ipak muzeyi bilan Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi o‘rtasida besh yillik hamkorlik shartnomasi tuzilgan. Shu asosda 2022 yilda “Afrosiyob” muzeyida ilk qo‘shma ko‘rgazma uyushtirilgandi. Joriy yilgi ikkinchi ko‘rgazma Buyuk Ipak yo‘lidagi muhim arxeologik kashfiyotlarga asoslangan. Unda Xanchjou, Dunxuan, Farg‘ona va Samarqandda qazilgan arxeologik yodgorliklar va madaniy yodgorliklardan olingan ipak va Ipak yo‘li tarixi bilan bog‘liq manbalar bilan tanishish mumkin. Xususan, ko‘rgazmada Xitoy milliy ipak muzeyining 26 ta ashyosi o‘rin olgan. Jumladan, Tsin sulolasi davriga oid ipak namunalari, muhtasham rasmli gazlama to‘qish dastgohi, liboslar va shoyi mahsulotlari Xitoyning qadimiy ipakchiligini ko‘z o‘ngingizda namoyon etadi.

Ko‘rgazma 2024 yilning 15 sentyabriga qadar davom etadi.

G‘. Hasanov, A. Isroilov (surat),

O‘zA muxbirlari