Poytaxtimizda “Moturidiy ta’limoti va hozirgi zamon” mavzuida turkiy davlatlar ulamolarining birinchi forumi bo‘lib o‘tdi.

Unda Turkiy davlatlar musulmonlari idoralari rahbarlari, muftiylar, turkiy dunyoning obro‘-e’tiborli ulamolari hamda islomshunos tadqiqotchilar ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Muzaffar Komilov, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Uyg‘un G‘afurov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy, shayx Nuriddin Holiqnazarov, Turkiya diyonat ishlari boshqarmasi raisi, professor Ali Erbash va boshqalar Turkiy davlatlar tashkiloti bugungi kunda jahonda o‘z so‘zi, o‘rni, nufuzi, mavqei, jaholatga qarshi kurashda qat’iy pozitsiyasiga ega bo‘lgan tuzilma sifatida o‘zini namoyon etayotganini ta’kidladi.

Forumda qayd etilganidek, O‘zbekiston diyorida Islom dini taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan allomalar merosini o‘rganish masalasi dunyo olimlarining e’tiborida bo‘lib kelmoqda.

Mamlakatimizda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Islom dini rivojiga ulkan hissa qo‘shgan ulug‘ allomalar hayoti va ilmiy, diniy- ma’rifiy merosini chuqur tadqiq etish, ularni xalqaro miqyosda keng targ‘ib etish, ayniqsa, yosh avlodda ajdodlarimiz bilan faxrlanish tuyg‘usini shakllantirishga katta e’tibor qaratilmoqda. O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ham shunday sa’y-harakatlar natijasida tashkil etilgan.

Forumda aqida va kalom ilmi rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan Imom Moturidiy va uning izdoshlari bo‘lgan allomalarning ulkan ilmiy, diniy va ma’naviy merosini o‘rganish, Islom dinining insonparvarlik mohiyati, ma’rifiy-madaniy roli va rivojlanish yo‘nalishlari hamda “Jaholatga qarshi ma’rifat” g‘oyasi asosida dinimizning ilm-ma’rifat, poklik, tinchlik-osoyishtalik, taraqqiyot va bunyodkorlikka chaqiruvchi g‘oyalarini xalqqa, ayniqsa, yoshlarga yetkazish, mutaassiblik, ekstremizmning maqsadlari, g‘oyaviy negizlari, zamonaviy ko‘rinishlari, faoliyat uslublarini o‘rganib, ularga qarshi kurashishning ilmiy-ma’rifiy asoslari ishlab chiqilayotgani va amaliyotga keng joriy etilayotgani xususida so‘z bordi.

Anjumanda Imom Abu Mansur Moturidiy hayoti va ilmiy faoliyatiga doir qiziqarli, qimmatli ma’lumotlar keltirildi. Jumladan, buyuk alloma bobomiz Samarqandning Moturid qishlog‘ida tavallud topgan bo‘lib, nasabi mashhur sahobiy Abu Ayyub Ansoriy roziyallohu anhuga borib taqalishi, u o‘z davrining yetuk ulamolaridan saboq olib, buyuk alloma mavqeiga erishgani ta’kidlandi.

– To‘qqizinchi asrda Markaziy Osiyoda turli millatlar, turli dinlar to‘qnashgan davr edi, – dedi O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi Abdulatif Allaqulov. – Diyorimizdan Moturidiydek allomaning yetishib chiqqani, uning g‘oyalari alloma merosining nechog‘li buyukligidan darak beradi. Bugungi kunda islomiy tushunchalarni noto‘g‘ri talqin etish va islom g‘oyalarini buzib talqin etish juda xatarli holatdir. Bunday holatga qarshi kurashishga ijtimoiy tarmoqlarni Qur’on va sunnatga muvofiq materiallar bilan to‘ldirish juda muhimdir. Shu bilan birga Moturidiy merosiga oid sodda, ravon, ixcham, zamonaviy qo‘llanmalarni, ularning elektron muqobilini yaratish maqsadga muvofiq.

– Bu forum Moturidiy merosi haqida to‘laqonli ma’lumot olish imkonini beradi, – dedi Kavkaz musulmonlari diniy idorasi raisi o‘rinbosari Gamar xonim Javadli. – Markaziy Osiyodagi lX asrda ilm-fan, ma’rifat, ta’limga oid jarayonlar bu hududning dunyo tamadduniga beshik bo‘lishida, jahonda “Musulmon Renessansi” deb nom qozonishida asosiy omildir. Imom Moturidiyning shuhrati baland bo‘lsada, manbalarda uning hayoti haqidagi ma’lumotlar juda kam. Shunga qaramay, uning ta’limoti Islom dinining ma’rifatparvar va ezgu g‘oyalarini ochib bergani bilan qadrlidir.

Darhaqiqat, Imom Moturidiy ahli sunna val jamoa aqidasini aqliy va naqliy manhaj asosida tartibga soldi. U yashagan davrda mamlakatda turli adashgan firqalar soni ko‘payib ketgani manbalardan yaxshi ma’lum. Imom Moturidiy esa dinning asl mohiyatini ochib berib, sof aqidani saqlab qolish va bid’atu xurofotga qarshi kurashishda katta jonbozlik ko‘rsatgan.

Shuning uchun alloma “Imomul huda” – hidoyat imomi, “Musahhihu aqidati ahlis-sunna” – Ahli sunna aqidasini to‘g‘rilovchi, “Roisu ahlis sunna val jamoa” – Ahli sunna val jamoa raisi, “Nosirius sunna va qomiul bid’a” – Sunnat himoyachisi va bid’at tomirini kesuvchi kabi qator unvonlarga musharraf bo‘lgan.

Ta’kidlandiki, Imom Moturidiyning “Kitobul jadal”, “Ma’oxizush-shariy’a”, “Kitobur-raddi alal Mo‘’tazila”,“Kitobut tavhid”, “Ta’viylotu ahlis-sunna”kabi nodir asarlari bor. Tadbirda alloma o‘z asarlarida mo‘’taziliya, xorijiya, rofiziya, karromiya, jahmiya, mushabbihiya kabi adashgan toifalarga raddiyalar bergani, bu toifalar hozirda yo‘q bo‘lib ketsada, biroq allomaning qoldirgan boy ma’naviy merosi bugunga qadar o‘z ahamiyatini yo‘qotmagani alohida e’tirof etildi

Tadbir ishtirokchilari alloma merosini bugun ham chuqur o‘rganish har qachongidan muhim ekanini alohida ta’kidladi. Sababi, ayrim adashgan kimsalar Islom dinining mohiyatini chuqur anglamay turib, turli aqidaviy guruhlar g‘oyalariga uchmoqda. Moturidiy ta’limotini o‘rganish va ularni to‘g‘ri yo‘lga boshlash esa ma’rifat ahlining burchi ekani forumda alohida qayd etildi.

Nazokat Usmonova, O‘zA