Toshkent shahrida 2023 yil 24-25 noyabr kunlari O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati qirq yettinchi yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Majlisda “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga saylov va referendum o‘tkazish tartibini yanada takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi konstitutsiyaviy qonun ma’qullandi.

Bundan tashqari, tuproqni muhofaza qilish va uning unumdorligini oshirish, davlat mulkini xususiylashtirishga oid qonunlar tasdiqlandi.

Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks, Konstitutsiyaviy sudga oid qonunga, adliya organlari tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga hamda ijro etuvchi hokimiyat organlarining nomlarini muvofiqlashtirishga qaratilgan qonunchilikka o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bilan bog‘liq qonunlar ma’qullandi.

Senatorlar O‘zbekiston Respublikasi bilan Italiya Respublikasi o‘rtasida jinoiy ishlar bo‘yicha o‘zaro huquqiy yordam, mahkumlarni topshirish, ushlab berish bilan bog‘liq Shartnomalarni ratifikatsiya qilish hamda O‘zbekiston Respublikasi bilan Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasida ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi Shartnomani ratifikatsiya qilish haqidagi qonunlarga to‘liq ovoz berdi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tarkibiga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi.

Qayd etilganidek, Prezident tomonidan Oliy sud sudyasi Jahongir Jo‘rayev boshqa ishga o‘tgani sababli uni Oliy sud sudyasi lavozimidan ozod qilish to‘g‘risida taqdimnoma kiritilgan. Mazkur masala bir ovozdan ma’qullandi.

Shu bilan Senat yalpi majlisi yakunlandi.

N.Abduraimova, O‘zA