Poytaxtimizda Turkiy davlatlar tashkiloti musulmon diniy idoralari rahbarlari kengashining IV yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda Turkiy davlatlar tashkiloti Bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyev, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin domla Xoliqnazarov, Kavkaz musulmonlari idorasi raisi, Shayxulislom Ollohshukur Poshozoda, Turkiya diyonat ishlari boshqarmasi raisi, doktor Ali Erbosh, Qozog‘iston musulmonlari diniy idorasi raisi, bosh muftiy Navro‘zbay hoji Tag‘anuli, Qirg‘iziston musulmonlari diniy boshqarmasi Ulamolar kengashi raisi Abdimanap Masaliyev hamda Turkmaniston muftiysi Yalkap Xodjaguliyev, shuningdek, turkiy davlatlar ulamolari, diniy soha vakillari ishtirok etdi.

Anjumanda davlatlarimiz o‘rtasidagi ko‘p tomonlama o‘zaro hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish, diniy idoralar o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlash, shuning bilan birga, ko‘p asrlik milliy va diniy an’analarimizni keng targ‘ib etish, “Jaholatga qarshi – ma’rifat” g‘oyasi asosida ekstremizm, radikalizmga qarshi kurashish, islomofobiyaga murosasiz bo‘lish kabi masalalarga alohida e’tibor qaratildi.

– Bugungi kunda Turkiy davlatlar tashkiloti musulmon diniy idoralari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash va kuchaytirish dolzarb ahamiyat kasb etadi, – dedi Turkiy davlatlar tashkiloti Bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyev. – O‘tgan vaqt mobaynida bir qator uchrashuvlar, onlayn tarzidagi turli dasturlar o‘tkazildi. Hozirgi globallashuv davridagi turli tahdidlar, noto‘g‘ri yondashuvlarning oldini olishda ana shunday uchrashuvlar hamjihatlikda natijador qarorlar qabul qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.

– Dunyoda 200 milliondan ortiq aholini qamrab olgan Turkiy davlatlaridagi hamkorlik tobora rivojlanib bormoqda, – dedi O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin domla Xoliqnazarov. – Hadisi shariflarda mo‘minlarning o‘zaro mehr-oqibati xususidagi qimmatli fikrlar alohida keltirilgan. Turkiy davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha dadil qadamlar qo‘yilmoqda. Ayni paytda diniy idoralar o‘rtasidagi hamkorlik tobora mustahkamlanib bormoqda. Ushbu hamkorlik natijasi o‘laroq, bir qator ishlar, ibratli tashabbuslar, ezgu sa’y-harakatlar amalga oshirilmoqda.

– Mazkur tadbirni qo‘llab-quvvatlagani uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga minnatdorlik bildiraman, – dedi Kavkaz musulmonlari idorasi raisi, Shayxulislom Ollohshukur Poshozoda. – Bizni uzviy aloqalar, umumiy qadriyatlar birlashtiradi. O‘zbekiston diyoridan yetishib chiqqan Imom Buxoriy, Imom at-Termiziy, Moturidiy kabi buyuk allomalarning merosi jahon sivilizatsiyasiga, Yevropada Uyg‘onish davrining boshlanishiga katta hissa qo‘shgani bilan qadrlidir. Bugun bu an’analar ilmiy-ma’rifiy rivojlanishning yangi bosqichiga chiqdi. Mamlakatlarimizning dono siyosiy rahbarlari sa’y-harakatlari bilan birodarlik, do‘stlik aloqalari tobora mustahkamlanib bormoqda.

– Kengash ishini yanada faollashtirish, tajriba almashish, qo‘shma ilmiy-ma’rifiy dasturlarni amalga oshirish dolzarb sanaladi, – dedi Qozog‘iston musulmonlari diniy idorasi raisi, bosh muftiy Navro‘zbay hoji Tag‘anuli. – Ayni paytda sayyohlikni rivojlantirish, qadimiy qo‘lyozmalarni saqlash, allomalarimiz yubileylarini keng nishonlashga katta e’tibor qaratilmoqda. Bunday uchrashuvlar xalqlarni yanada yaqinlashtirishga, do‘stlik, birodarlikni, o‘zaro ishonchni mustahkamlashga xizmat qiladi.

– Har qanday tahdid va xatarlarga qarshi kurashishda diniy-ma’rifiy ongning shakllanishi muhimdir, – dedi Turkiya diyonat ishlari boshqarmasi raisi, doktor Ali Erbosh. – Islom tinchlikparvar, ma’rifatparvar ekani bilan birga u rahm-shafqat dinidir. Islom bilan terrorizm o‘rtasida hech qanday bog‘liqlik yo‘q. Adolat, tenglik, tinchlik g‘oyalarini targ‘ib etish uchun birlashishimiz, ta’lim, ilmiy-tadqiqotlar, o‘zaro tajriba almashish sohalaridagi hamkorliklarni kuchaytirishimiz kerak.

– Mamlakatlarimiz hududlarida Islom dini azaldan rivojlanib kelgan, dedi Qirg‘iziston musulmonlari diniy boshqarmasi Ulamolar kengashi raisi Abdimanap Masaliyev. – Ushbu anjuman ibrat bo‘lishga arzigulikdir. Prezident Shavkat Mirziyoyev ilg‘or tashabbuslarni hamisha qo‘llab-quvvatlab kelgani, ularga sira befarq bo‘lmagani e’tiborli.

– Mazkur anjuman hamda Buxorodagi Mir Arab madrasasining 500 yilligiga oid tantanali tadbirlarda ishtirok etayotganimdan mamnunman, – dedi Turkmaniston muftiysi Yalkap Xodjaguliyev. – Hamkorligimiz, birdamligimiz bardavom bo‘lishiga umid bildiraman. Ushbu anjuman sohadagi hamkorlikni kuchaytirishda muhim pog‘onadir.

Yig‘ilishda diniy idoralar rahbarlari birgalikda zamonaviy fatvolar ishlab chiqish, ularni hayotga keng tatbiq etish va bugungi kunda musulmon ummati uchun muhim bo‘lgan masalalar yuzasidan o‘zaro fikr va mulohazalar almashdilar.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Turkiy davlatlar tashkiloti turkiy tilli xalqlar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash maqsadida 2009 yil 3 oktyabrda imzolangan “Naxchivan shartnomasi” asosida Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi nomi bilan tashkil etilgan. Turkiya, Ozarbayjon, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston ushbu tashkilot a’zosi hisoblanadi. Shuningdek, Turkmaniston va Vengriya tashkilotda kuzatuvchi maqomiga ega.

2021 yil 12 noyabrda Istanbulda bo‘lib o‘tgan Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining VIII Istanbul sammitida tashkilot nomi Turkiy davlatlari tashkiloti deb o‘zgartirildi.

2022 yil 15 aprel kuni Istanbul shahrida Turkiy davlatlar tashkiloti musulmon diniy idoralari rahbarlari kengashining ilk tarixiy yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. 2022 yil 21 oktyabr kuni Turkiy davlatlar tashkiloti musulmon diniy idoralari rahbarlari kengashining Ozarbayjonning Boku va Shusha shaharlarida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida “Turkiy davlatlar tashkiloti musulmon diniy tashkilotlarining rahbarlari kengashini tashkil qilish to‘g‘risida”gi Nizom tasdiqlandi.

Turkiy davlatlar tashkiloti musulmon diniy tashkilotlari rahbarlari kengashi yig‘ilishlari turkiy dunyoning diniy idoralari o‘rtasidagi aloqalarini mustahkamlash, global muammolarga birgalikda yechim topish va Islom dini sofligini asrash borasidagi imkoniyatlarni birlashtirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Anjuman mamlakatlarimiz va mintaqadagi cof dinimizga nisbatan xurujlarni bartaraf etishda o‘zaro hamkorlikdagi sa’y-harakatlar samaradorligini oshirish imkonini beradigan yangi taklif va tashabbuslarga boy bo‘ldi.

Nazokat Usmonova, O‘zA muxbiri