Senatda O‘zbekiston Respublikasi bilan Italiya Respublikasi o‘rtasida ushlab berish, mahkumlarni topshirish, jinoiy ishlar bo‘yicha o‘zaro huquqiy yordam to‘g‘risidagi shartnomalarni ratifikatsiya qilish haqidagi qonunlar ma’qullandi.

“O‘zbekiston Respublikasi bilan Italiya Respublikasi o‘rtasida jinoiy ishlar bo‘yicha o‘zaro huquqiy yordam to‘g‘risidagi Shartnomani (Rim, 2023 yil 8 iyun) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonunda jinoyat ishlarini tergov qilish va boshqa protsessual harakatlarni amalga oshirish bilan bog‘liq holda yuridik yordam ko‘rsatish asoslari va shart-sharoitlari nazarda tutilmoqda.

Shartnomaning ratifikatsiya qilinishi ikki mamlakat huquqni muhofaza qilish organlarining jinoyat ishlarini tergov qilish va sud muhokamasi jarayonining samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

O‘zbekiston Respublikasi bilan Italiya Respublikasi o‘rtasida mahkumlarni topshirish to‘g‘risidagi Shartnoma (Rim, 2023 yil 8 iyun) ratifikatsiya qilinishi O‘zbekiston va Italiya fuqarolariga sud tomonidan tayinlangan jazoni o‘z mamlakatida o‘tashlari uchun huquqiy asos va imkoniyat yaratadi.

O‘zbekiston Respublikasi bilan Italiya Respublikasi o‘rtasida ushlab berish to‘g‘risidagi Shartnomada (Rim, 2023 yil 8 iyun) har bir tomon boshqa tomonning so‘roviga ko‘ra o‘z hududida aniqlangan va boshqa tomon tarafidan qidirilayotgan shaxslarni jinoiy javobgarlikka tortish yoki bunday shaxslarga nisbatan chiqarilgan hukmni ijro etish uchun bir-birlariga ushlab berishi asoslari va shartlari ko‘rsatilgan.

Mazkur Shartnomaning ratifikatsiya qilinishi sud muhokamasi samaradorligini oshirishga va jinoyat sodir etgan shaxslarga nisbatan jazoning muqarrarligi tamoyilini ta’minlashga xizmat qiladi.

N.Abduraimova, O‘zA