Aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish davlat siyosati darajasidagi masala hisoblanadi. Bu borada esa tadbirkorlik, xususan oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishga e’tibor qaratilmoqda.

Senat yalpi majlisida ko‘rib chiqilgan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonun bilan oilaviy tadbirkorlikka yangi imkoniyat berilmoqda.

Qonunda oilaviy tadbirkorlik sub’ektlariga mehnat shartnomasini tuzgan holda besh nafargacha doimiy xodimni yollash huquqi berilmoqda.

Shuningdek, bir oilaviy korxona ishtirokchisiga bir vaqtning o‘zida boshqa oilaviy korxona ishtirokchisi bo‘lish huquqini berish ham qonunda ko‘zda tutilgan.

Bundan asosiy maqsad – mahallalarda ishsiz yurgan fuqarolarni ish bilan ta’minlash va ularga yengilliklar yaratishdir.

Ushbu masala yuzasidan munosabat bildirgan Senat raisi T.Norboyeva oilaviy tadbirkorlik Prezidentimiz tashabbusi asosida doimiy qo‘llab-quvvatlanayotganini qayd etdi. Xalqimizning mehnatkashligi, intilishi hisobga olinib, oilaviy tadbirkorlik doirasi kengaytirilmoqda. Bu bilan minglab oilaviy tadbirkorlik yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan aholiga qulaylik yaratiladi.

Bundan tashqari, qonun bilan Bojxona kodeksiga davlat hamda nodavlat sport-ta’lim tashkilotlari tomonidan o‘z ehtiyojlari uchun import qilinadigan maxsus sport kiyim-boshlari, poyabzal, sport anjomlari va jihozlari hamda uskunalarining ellik foizi uchun bojxona bojini to‘lashdan ozod etish tarzidagi imtiyozlar berilishini nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Ushbu o‘zgartirishlar jismoniy tarbiya va sport sohasida nodavlat ta’lim xizmatlari ko‘rsatish faoliyatini rivojlantirishga hamda sportchilarni professional darajada tayyorlashga katta imkoniyat yaratadi.

Shu bilan birga, Shaharsozlik kodeksiga mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining shaharsozlik faoliyati ob’ektlarini qurish to‘g‘risida qarorlar qabul qilish bo‘yicha vakolatlari bekor qilinishini nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda. Bu arxitektura va qurilish sohasidagi ortiqcha byurokratik tartib-taomillarni bartaraf etishga, oilaviy tadbirkorlikni yanada rivojlantirishga, shuningdek, sport-ta’lim tashkilotlarining moddiy-texnika bazasini yaxshilashga xizmat qiladi.

N.Abduraimova, O‘zA