Bugun poytaxtimizda navbatdagi yirik tadbir – “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda fuqarolik jamiyati institutlari va imkoniyati cheklangan shaxslar ishtirokini kengaytirish” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Anjuman ishida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Qonunchilik palatasi, Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz, Barqaror rivojlanish markazi, nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi, Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti, BMT agentliklari, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyatining mamlakatimizdagi vakolatxonasi vakillari ishtirok etdi.

Barqaror rivojlanish maqsadlari oyligi (BRM) doirasida tashkil etilgan nufuzli yig‘ilish Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi asosida ishlab chiqilgan BMT Bosh Assambleyasining “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda fuqarolar va fuqarolik jamiyatining ishtirokini kengaytirish to‘g‘risida”gi rezolyutsiya loyihasi muhokamasiga bag‘ishlandi.

Sessiyalarning asosiy qismida, shuningdek, yurtimizni 2030 yilga qadar Barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarni bajarishda fuqarolik jamiyati institutlari va imkoniyati cheklangan shaxslarning ishtirokini kengaytirish masalalari ham muhokama qilindi.

Xususan, barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish bo‘yicha O‘zbekiston va boshqa mamlakatlar tajribasi, shuningdek, barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish uchun yaqin kelajakda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan qator dolzarb vazifalar belgilab olindi. Zero, xalqaro tajriba shuni ko‘rsatadiki, davlat va nodavlat tashkilotlar yaqin hamkorligi Global barqaror rivojlanish 2030 maqsadlari kun tartibiga erishishda muvaffaqiyat garovi ekani ta’kidlandi.

BRM oyligi yakunlariga ko‘ra, Parlamentlararo ittifoq bilan hamkorlikda “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlamentlararo hamkorlik” II Xalqaro global forumi o‘tkaziladi.

– Hozir kunda mamlakatimizda Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishda nafaqat davlat, balki nodavlat notijorat tashkilotlarining ham o‘rni yuqori. Bunda turli tashkilotlar, parlamentimizning harakatlarini birlashtirish maqsadga muvofiq, – dedi Barqaror rivojlanish markazi bo‘lim boshlig‘i Nodir Safarov. – Butun jamiyat ushbu milliy barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishga safarbar qilinsa, ya’ni kuchimiz shunga yo‘naltirilsa, 2030 yilga qadar belgilangan maqsad va vazifalarni amalga oshirishda muvaffaqiyatga erishamiz.

Darhaqiqat, “O‘zbekiston-2030” strategiyasining besh yo‘nalishi nafaqat BMTning 2030 yilgacha bo‘lgan kun tartibiga mos keladi, balki O‘zbekistonning barqaror rivojlanish bo‘yicha 16 ta milliy maqsad va vazifalarini ham to‘liq qamrab oladi.

Bejizga BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish ham 2023 yil 19 sentyabr kuni Nyu-Yorkda Bosh Assambleyasining 78-sessiyasi doirasidagi Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuvida mamlakatni isloh qilish bo‘yicha yangi strategiyaga kiritilgan maqsad va vazifalar ko‘lamdorligini, ular Barqaror rivojlanish maqsadlari bilan to‘liq hamohangligini qayd etmagan. BMTning barcha institutlari ushbu dasturiy hujjat – “O‘zbekiston-2030” strategiyasini amalga oshirishda yordam berishga tayyor ekani ta’kidlangan.

Yuqori darajada o‘tgan tadbir O‘zbekiston va BMT o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlanishi, shuningdek, BRMning butun dunyo uchun dolzarbligi oshayotgan sharoitda o‘tkazilayotgani alohida e’tirof etildi.

– Bugungi muhokama kun tartibida Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishda aniq natijaga erishishda muhim o‘rin tutadigan keng ko‘lamli mavzular o‘rin olgan, – deydi Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyatining O‘zbekistondagi vakolatxonasi loyiha rahbari Ole Doetinchem. – BRMga erishishda nogironligi bo‘lgan shaxslar va fuqarolik jamiyati institutlarining roli hamda ishtirokini oshirish bo‘yicha O‘zbekiston tajribasini o‘rganamiz. Bundan tashqari, nogironlar huquqlarini ta’minlash bo‘yicha xalqaro tajribani ham ko‘rib chiqyapmiz. 2030 yilgacha bo‘lgan kun tartibini amalga oshirishda rivojlanish bo‘yicha hamkorlar va fuqarolik jamiyati hamkorligiga ham asosiy e’tibor qaratiladi.

Dasturga muvofiq, rezolyutsiya muhokamasiga bag‘ishlangan konferensiyaning ikkinchi qismi qiziqarli, dolzarb mavzularga qaratilgan panel sessiyalar shaklida o‘tdi.

Behruz Xudoyberdiyev,

O‘zA muxbiri