O‘zbekistonda Shanxay hamkorlik tashkiloti tomonidan Xalq diplomatiyasi markazi “Xalqaro axboroti kuni” munosabati bilan xorijiy va mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari, O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti professor-o‘qituvchilari hamda talabalari ishtirokida “Xalq diplomatiyasini rivojlantirishda ommaviy axborot vositalari faoliyatini takomillashtirish” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.

Tadbirning asosiy maqsadi – ommaviy axborot vositalarining fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorligini kengaytirish, xalq diplomatiyasi sohasini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha axborot resurslarini tatbiq etish, Shanxay hamkorlik tashkiloti mamlakatlari o‘rtasida axborot sohasida o‘zaro tajriba almashishdan iborat.

Tadbirni O‘zbekistonda SHHT Xalq diplomatiyasi markazi direktori Qobiljon Sobirov ochib berdi. Mamlakatimizda OAV  fuqarolik jamiyati institutlari tizimida alohida o‘ringa ega bo‘lganligini, davlat va jamiyat qurilishi sohasida olib borilayotgan demokratik yangilanishlar va islohotlarning ochiqligi va shaffofligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etganligini, – Markaz direktori o‘z so‘zida ta’kidladi.

O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sherzodxon Qudratxo‘ja o‘z nutqida fuqarolik jamiyati va xorijiy mamlakatlar auditoriyalari bilan hamkorlikda xalq diplomatiyasining ahamiyatini alohida ta’kidlab, ommaviy axborot vositalarining global axborot makonidagi o‘rni tobora ortib borayotganligi, ularning faoliyati uchun zamon talablariga mos keladigan barcha shart-sharoitlar yaratilganligi, madaniy-gumanitar sohadagi xalqaro aloqalarni rivojlantirish muhimligiga e’tibor qaratdi.

O‘zaro fikr almashish va munozaralar davomida ommaviy axborot vositalari vakillari Markaz faoliyatini takomillashtirish va uni keng ko‘lamda yoritish bo‘yicha taklif va tavsiyalar bildirdilar.

Davra suhbati yakunlarini sarhisob qilar ekan, Markaz direktori Qobiljon Sobirov ishtirokchilarga taqdim etilgan taklif, mulohaza va tavsiyalar uchun minnatdorchilik bildirib, SHHT doirasida ko‘p tomonlama madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha Markaz va OAV vakillari o‘rtasida yanada samarali o‘zaro hamkorlik qilinishiga umid bildirdi.

M.Turdaliyeva, N.Abduvoitov (O‘zA)