Bugun poytaxtimizda “O‘zbekiston uchun Yevropa Ittifoqining Preferensiyalar bosh tizimi plyus (“GSP+”) imkoniyatlarini kengaytirish” mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi, Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlarning mamlakatimizdagi elchixonalari, vazirlik va idoralar, xususiy sektor hamda mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Badriddin Abidov, Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Sharlotta Adrian va boshqalar “GSP+” doirasida Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlik yanada mustahkamlanayotgani va bu yurtimiz ishlab chiqaruvchilari uchun katta imkoniyatlar yaratayotganini alohida ta’kidladi.

E’tiborlisi, shu yilning 22 noyabr kuni Yevropa Ittifoqi Preferensiyalarning bosh tizimi plyus (“GSP+”) amaldagi muddatini kelgusi to‘rt yilga, ya’ni 2027 yil 31 dekabrga qadar uzaytirish bo‘yicha qaror qabul qilindi. Bugun bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ushbu xabar ekspertlar tomonidan e’lon qilindi.

Unda Yevropa Ittifoqining mamlakatimizdagi elchisi Sharlotta Adrian “GSP+” doirasida Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston o‘rtasidagi yaqin hamkorlikning haqiqiy muvaffaqiyat tarixiga aylanib borayotganini ko‘rishdan mamnun ekanini bildirdi.

– Bu yurtingizdagi xususiy sektorga katta turtki bo‘lib, 448 million iste’molchiga ega Yevropa bozorlariga kirishni osonlashtiradi. Yevropa va O‘zbekiston kompaniyalari o‘rtasida mustahkam hamkorlikni rag‘batlantiradi va chegaralarda sezilarli tejashlarga olib keladi. Siyosiy nuqtayi nazardan, “GSP+” BMTning 27 ta konvensiyasini amalga oshirish orqali inson va mehnat huquqlari, samarali boshqaruv va atrof-muhitni muhofaza qilish sohalarida xalqaro standartlarga erishish bo‘yicha O‘zbekistonning strategiyasiga to‘liq mos keladi. “GSP+” muddatini uzaytirish xususiy sektor uchun ishlarini yanada samarali rejalashtirish imkonini beradi va Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi islohotlar jarayonini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha sodiqligining qo‘shimcha belgisi hisoblanadi, – dedi Sharlotta Adrian xonim.

Bugungi kunda Yevropa Ittifoqi bilan savdo munosabatlarini mustahkamlash va O‘zbekistonning eksport geografiyasini kengaytirish yuzasidan amalga oshirilgan chora-tadbirlar o‘z samarasini bermoqda. Xususan, 2022 yilning yakuniy holati bo‘yicha 628 ta korxona tomonidan (2021-yilning mos davriga nisbatan 116 ta ortiq) 647 million dollar miqdorida mahalliy mahsulotlar Yevropa bozorlariga chiqarilgan. Bu 2020 yilga nisbatan (292 mln. dollar) qariyb 2 barobardan ziyoddir.

Tahliliy ko‘rsatkichlarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, “GSP+” doirasidagi imtiyozlar asosida to‘qimachilik sanoatida 177,4 million dollar (2021 yilga nisbatan o‘sish – 126,4 foiz), kimyo sanoatida 138,3 million dollar (4,7 barobar), qishloq xxo‘jaligi va oziq ovqat sanoatida 19,7 million dollar (103 foiz), elektrotexnika sanoatida 9 million dollar (117 foiz) miqdoridagi mahsulotlar Yevropa bozoriga eksport qilingan.

Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Badriddin Abidov qayd etganidek, Yevropa Ittifoqi O‘zbekistonning ishonchli hamkori va keyingi yillardagi o‘zaro aloqalar tomonlar o‘rtasida ishbilarmonlik muhitini yaratishga xizmat qilmoqda.

– Yevropa Ittifoqi O‘zbekistonga “GSP+” benefitsiar mamlakati maqomini berishi va ushbu imtiyozlar muddatini uzaytirish bo‘yicha qabul qilgan qarori bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatda olib borilayotgan keng qamrovli islohotlar, jumladan, davlat boshqaruvi va fuqarolik jamiyatining kuchli institutlariga ega demokratik davlatni shakllantirish bo‘yicha aniq o‘zgarishlarning yaqqol xalqaro e’tirofidir. “GSP+” doirasidagi imtiyozlardan ijobiy foydalanish bilan bir qatorda biz kelgusida ham ushbu mexanizm monitoringi jarayonlarida Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlik qilish va tegishli xalqaro konvensiyalar talablarini amalga oshirishda birga ishlashga tayyorligimizni bildiramiz. Shu bilan birga, Yevropa Ittifoqi bilan “GSP+” doirasidagi hamkorligimiz mamlakatimizda bozor iqtisodiyotini shakllantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan tub islohotlarni yanada kengaytirish maqsadida Yevropa tomoni bilan savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarimizni yanada kengaytirishda sezilarli turtki bo‘lishidan manfaatdormiz, – dedi o‘z so‘zida davomida B.Abidov.

Tadbirda ma’lumot berilganidek, 2022 yilda “GSP+” tufayli o‘zbekistonlik eksportchilar 28 million yevroga teng import bojlarini tejab qoldi. Bu Yevropa Ittifoqining O‘zbekiston xususiy sektorini rivojlantirishga qo‘shgan katta hissasidir. 2019 va 2022 yillar oralig‘ida bu ko‘rsatkich o‘n baravardan ko‘proq o‘sdi.

Shuningdek, ekspertlar tomonidan Yevropa Ittifoqi “GSP+” monitoringi Komissiyasining bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida e’lon qilingan hisobotida O‘zbekiston xotin-qizlar huquqlari va gender tenglik, zo‘ravonlikka qarshi kurashish, iqtisodiy va ijtimoiy huquqlarni yaxshilash bo‘yicha bir qator qonun hujjatlarini qabul qilish orqali BMT konvensiyalarini amalga oshirishda muhim yutuqlarga erishgani e’tirof etilgani ta’kidlandi. O‘z navbatida, “GSP+” imtiyozlar tizimining benefitsiar maqomi O‘zbekiston va Yevropa biznesi vakillari o‘rtasida o‘zaro manfaatli savdo-iqtisodiy munosabatlarni kengaytirishga xizmat qiladi.

Matbuot anjumanida “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi raisi maslahatchisi Shahzoda Qo‘chqorova va “O‘zeltexsanoat” uyushmasi raisi maslahatchisi Bektemir Murodov “GSP+” doirasida taqdim etilayotgan imtiyozlarning to‘qimachilik va elektrotexnika sanoatlaridagi ahamiyatini erishilgan natijalar asosida gapirib o‘tdi.

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA