Davlat kadastrlari palatasi Toshkent shahar boshqarmasining Shayxontohur tuman filiali tomonidan aholiga kadastr xizmatlarini ko‘rsatish borasida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, birgina Shayxontohur aholisi uchun 3 ming 92 ta kadastr pasporti tayyorlab berildi.

Xo‘sh, kadastr pasporti qanday hujjat va u qanday hollarda rasmiylashtiriladi?  

Boshqarmaning Shayxontohur tumani filiali boshlig‘i To‘lagan Karimov bu borada batafsil tushuntirish berdi.

– Kadastr pasporti huquq egasiga beriladigan hamda ko‘chmas mulk ob’ekti va ob’ektning kadastr raqami haqida umumiy ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan plastik yoki qog‘oz shaklidagi elektron hujjat bo‘lib, u ko‘chmas mulk ob’ektining davlat tomonidan hisobga olinganini tasdiqlovchi asosdir.

Ko‘chmas mulk ob’ektiga kadastr pasporti quyidagi hollarda rasmiylashtiriladi yoki qayta rasmiylashtiriladi. Jumladan, ko‘chmas mulk ob’ekti bo‘yicha birlamchi xatlov ishlari bajarilganda, ko‘chmas mulk ob’ektining bir qismi begonalashtirilganda yoki yer uchastkasi alohida bo‘linganda. Bunda ikki qismga alohida kadastr pasporti shakllantiriladi.

Shuningdek, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalari xususiylashtirilgandan so‘ng ularning bir qismiga bo‘lgan huquq boshqa shaxsga o‘tganda, yer uchastkasining maydoni yoki chegara nuqtalari o‘zgarganda, ko‘chmas mulk ob’ektining manzilini belgilashda yoki o‘zgartirishda, ko‘chmas mulk ob’ektining toifasi o‘zgarganda hamda o‘z yer uchastkasida tegishli ruxsatnomalarni rasmiylashtirmasdan qurilgan bino va inshootlar mavjud bo‘lganda rasmiylashtiriladi.

– Ko‘pchilik yangi namunadagi kadastr pasportining an’anaviy qog‘oz shaklidagi hujjat bilan farqlariga qiziqib, ularning narxi borasida katta tafovut bor, deb o‘ylaydi. Bu fikr qanchalik to‘g‘ri?  

– Elektron shakldagi kadastr pasporti uchun belgilangan narx qog‘oz ko‘rinishidagi kadastr hujjati uchun to‘lovlar narxi bilan teng bo‘lib, ularning qay biridan foydalanish mulk egasining ixtiyorida bo‘ladi. Foydalanishdagi farqlariga kelsak, kadastr pasporti, avvalo, elektron karta ekani bilan afzallikka ega. Bu degani, kartada kadastr sohasidagi elektron xizmatlardan foydalanish imkoniyatlari yuqoriroq. Qolaversa, ichki qismiga NFS-smart chip o‘rnatilgan mazkur karta eski uslubdagi kadastr hujjatidagi barcha ma’lumotlarni o‘z ichiga olish bilan birga interaktiv davlat xizmatlarining yagona portaliga ulanish imkoniyatiga ega.

Kartaning tashqi qismiga egasining shaxsini tasdiqlovchi ma’lumotlar hamda QR-kod joylashtirilgan. Hozirgi vaqtda odamlarning zamonaviy, elektron qurilmalardan foydalanishga bo‘lgan talabi kuchli. Chunki ular o‘zida bir qancha tezkor xizmatlarni jamlab, vaqtni ancha tejaydi. Kadastr pasporti ham shunday.

– O‘tgan vaqt davomida tuman aholisiga qancha kadastr pasporti tayyorlab berildi?

– Joriy yilning 1 noyabr holatiga tuman aholisidan ko‘chmas mulk ob’ektlariga kadastr pasportini shakllantirish bo‘yicha Davlat xizmatlari markazi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali jami 4 ming 270 ta ariza kelib tushgan. Shundan, yakka tartibdagi turar joy bo‘yicha 1 ming 379 ta, ko‘p qavatli uylardagi xonadonlar bo‘yicha 470 ta, noturar joy ob’ektlari bo‘yicha 1ming 243 ta ariza ijobiy hal etilib, jami 3 ming 92 ta kadastr pasportlari shakllantirib berilgan. Murojaatlarning 1 ming 178 tasi rad etilgan.

– Qanday hollarda kadastr pasportini shakllantirish bo‘yicha yuborilgan arizalar rad etilishi mumkin?  

– Ayni yo‘nalishdagi murojaatlar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 2 sentyabrdagi “Kadastr sohasida ayrim davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamentlarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan mezonlarga mos kelmasa rad etilishi mumkin. Ya’ni bunda kadastr pasportini shakllantirish uchun so‘rovnomada noto‘g‘ri ma’lumotlar ko‘rsatilgani, ko‘chmas mulk ob’ektlariga bo‘lgan huquqlarni tasdiqlovchi hujjatlar mavjud emasligi, ariza beruvchi yoki uning vakili kelishilgan manzilda bo‘lmagani, vakolatli organ tomonidan kadastr pasportini rasmiylashtirish bo‘yicha ko‘chmas mulk ob’ektiga taqiq yoki xatlov qo‘yilgani sababli bino-inshootlarga kadastr pasporti rasmiylashtirilmaydi.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA