Birlashgan Arab Amirliklari joriy yil oxirida bo‘lib o‘tadigan BMT Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha doiraviy konvensiyasi – “COP 28”ga mezbonlik qiladi.

Poytaxtda  tashkil etilgan BMT ning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha doiraviy konvensiyasi ishtirokchilarining 28-konferensiyasiga (COP-28) bag‘ishlangan matbuot anjumanida BAAning O‘zbekistondagi elchixonasi Diplomatik missiyasi rahbari o‘rinbosari Muhammad Al Zaherining ta’kidlashicha, Birlashgan Arab Amirliklari har doim iqlim bo‘yicha harakatga barcha mamlakatlarga taalluqli bo‘lgan global muammoni hal qilishga amaliy hissa qo‘shish, shu bilan birga o‘z iqtisodiyotini diversifikatsiya qilish hamda “Net Zero” iqtisodiyoti orqali kelajak avlodlar uchun bilim, ko‘nikma va ish o‘rinlarini yaratish imkoniyati sifatida qaragan.

—BAA  o‘tgan 2016-yilda Parij kelishuvini imzolagan va ratifikatsiya qilgan, iqtisodiyot miqyosida emissiyalarni kamaytirish majburiyatini olgan va ““Net Zero  2050” strategik tashabbusini e’lon qilgan mintaqadagi birinchi davlat hisoblanadi deydi Muhammad Al Zaheri.

Shuningdek, matbuot anjumani davomida  Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirining xalqaro aloqalar bo‘yicha maslahatchisi Suna Park BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti BMT Bosh Assambleyasining “Markaziy Osiyo global iqlim tahdidlari qarshisida: umumiy farovonlik yo‘lida birdamlik” rezolyutsiyasini qabul qilish tashabbusini ilgari surganini alohida ta’kidladi va O‘zbekistonning global konferensiyadagi ishtiroki haqida to‘xtalib o‘tdi.

– Iqlim o‘zgarishi va atrof-muhit degradatsiyasi masalalari bo‘yicha mintaqaviy hamkorlik muhim o‘rin tutadi deydi Suna Park.– Chunki Markaziy Osiyo mamlakatlarini ekologik muammolar birlashtiradi. Shu bois O‘zbekistonning bu yilgi iqlim konferensiyasidagi ishtiroki 5 davlatdan iborat yagona “1 mintaqa – 1 ovoz” Markaziy Osiyo pavilioni doirasida, shuningdek, Prezident tomonidan BMT Bosh Assambleyasida ilgari surilgan tashabbusni qo‘llab-quvvatlash maqsadida bo‘ladi. Bu qaror Markaziy Osiyo davlatlarining global iqlim platformalarida mavqei va ovozini mustahkamlash maqsadida qabul qilindi.

Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki,  ushbu konferensiya 1995 yildan beri har yili o‘tkazib kelinadi. Joriy yil o‘tkazilishi rejalashtirilgan tadbir davomida  iqlim o‘zgarishi oqibatini yumshatish, bunday holatlarga moslashishga qaratilgan loyihalarni moliyalashtirish masalalari ko‘rib chiqiladi.

O‘tgan 2022 yil BMT Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha doiraviy konvensiyasi – “SOR27” konferensiyasi Misr Arab Respublikasi Sharm Ash-Shayx shahrida bo‘lib o‘tgan. Anjumanda 100 dan ziyod davlat va hukumat rahbari, 197 mamlakatdan 60 mingga yaqin nufuzli shaxs, olim, faol, jumladan, Senat Raisi Tanzila Norboyeva boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi ham ishtirok etgan.

 

Muhayyo Toshqorayeva,  

O‘zA