O‘zbekistonni 2030 yilgacha elektr energiya bilan ta’minlash konsepsiyasiga asosan qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushi umumiy elekr energiya ishlab chiqarishning 30 foizini tashkil etishi ko‘zda tutilgan. Energetika vazirligiga ko‘ra, 2030 yilgacha bu 12 gegavattgacha chiqishi, uning 7 gegavatti quyosh va 5 gegavatti shamol energetikasi hissasiga to‘g‘ri keladi.

Albatta, tizimda bu kabi ko‘rilayotgan chora-tadbirlar bejiz emas. Negaki, quyosh va shamol elektr energiyasi O‘zbekiston uchun nihoyatda samarali. Yurtimizning geografik joylashuvi aynan shamol va quyosh elektr energiyasi uchun juda mosdir.

Ana shunday imkoniyatlarlardan kelib chiqib,  2027 yil yakuniga qadar yurtimizda umumiy quvvati 4 400 MVt bo‘lgan 10 ta shamol elektr stansiyasi ishga tushiriladi.

–Ushbu loyihalarni amalga oshirishdan maqsad nafaqat elektr energiyasi barqarorligini ta’minlash, balki ekologiya va atrof-muhit zararlanishining oldini olishga ham qaratilgan. Kelgusi to‘rt yil ichida ishga tushiriladigan shamol elektr stansiyalari faoliyati yurtimizda “yashil” energetikani rivojlantirish yo‘lida munosib loyihalar hisoblanadi.  Mazkur loyihalar qaysi vaqtda foydalanishga topshirishili bo‘yicha tahlil qiladigan bo‘lsak, 2025 yilda (2023 yil yakunida ilk quvvatlar) Tomdi tumanida quvvati 500 MVt bo‘lgan shamol elektr stansiyasi ishga tushirilishi ko‘zda tutilgan.  2025 yilda Buxoro viloyatining Peshku va G‘ijduvon tumanlarida umumiy quvvati 1000 MVt bo‘lgan 2 ta shamol elektr stansiyasi ishga tushiriladi. Shuningdek, 2025 yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasining Qorao‘zak tumanida quvvati 100 megavattli,  2026 yilda Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumanida tumanida quvvati 600 megavattli va 2027 yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasining Qo‘ng‘irot tumanida har birining quvvati 500 MVtdan bo‘lgan 3 ta shamol elektr stansiyasi iste’molchilarga “yashil” energiya yetkazib bera boshlaydi. Samarqand viloyatining Bulung‘ur tumanida quvvati 500 megavattli shamol elektr stansiyasining ishga tushirilishi ham 2027 yilga mo‘ljallangan, –dedi Energetika vazirligi matbuot xizmati rahbari Hasan Toshxo‘jayev.

Eslatib o‘tamiz,  ayni kunlarda Qoraqalpog‘iston Respublikasining Beruniy tumanida quvvati 200 MVt bo‘lgan shamol elektr stansiyasini qurish bo‘yicha tender tanlovi davom etmoqda.

 

N. Ziyodullayeva, O‘zA