Turkiyaning rasmiy kanallaridan birida shu sarlavha ostida axborot berildi. Deyarli har kuni G‘azo bolalari o‘limi haqida xabarlar chop etilyapti. Hududda har 10 daqiqada 1 bola halok bo‘lyapti. 45 kun ichida 5 ming o‘g‘il-qiz hayot bilan vidolashdi, 577 nafar go‘dak hayotdan ko‘z yumdi. Ijtimoiy tarmoq bolalar o‘limi, fojiali voqealar tafsiloti bilan to‘lib ketgan: o‘qishga, foto yoki video lavhalarni ko‘rishga kishining yuragi betlamaydi.

“The New York Times” gazetasida e’lon qilingan “Urush G‘azoni bolalar qabristoniga aylantirdi” maqolasi 9 yoshli Xolidning hikoyasiga asoslangan. Xolid ko‘z o‘ngida onasi, otasi, ukasi va singlisini yo‘qotdi, oiladan 7 yoshli ukasi Tamer bilan o‘zi omon qoldi. Xolid aka-ukalari jasadini qanday tanib olgani haqidagi “marsiya”ni o‘qish juda og‘ir. Mahalliy jurnalistlar Xolid oilasi bilan 22 oktyabr kuni o‘qqa tutilgan ikki binoda yashaganini yozishadi. Dayr al-Balohga hujum oqibatida 68 xonadon oila a’zolari bilan birga yotoqda uxlab yotgan holda halok bo‘lgan. “Biz hech qachon buncha ko‘p bola o‘lganini ko‘rmaganmiz – dahshatli manzara”, – deydi Al-Aqso kasalxonasi xodimi Yosir Abu Amar.

G‘azoliklar oldingi urushlarda, havo hujumi payti, bomba tushganda hammasi birdaniga o‘lib ketmasligi uchun, farzandlarini turli xonalarga joylashtirib, barcha bolalari o‘limining oldini olishga harakat qilgan ekan. Ayrim ota-onalar farzandlarini shaharning boshqa chekkasidagi qarindoshinikiga yuborishgan, zora farzandini o‘limdan saqlab qola olsa. Oila boshliqlari shunday qo‘rqinch, dahshat ichra tunlarni o‘tkazishadi. Qirg‘in xuddi bolalarga qarshi qaratilgan urushga o‘xshaydi. Ular hayoti davomida boshqa bolalarga o‘xshab o‘yinchoq o‘ynamagan.

Bola huquqlari Butunjahon deklaratsiyasida “Bola tug‘ilgan kunidan boshlab ism qo‘yilish, fuqarolikka ega bo‘lish huquqiga ega” deb ko‘rsatilgan. G‘azo bolalari ota-onalari qo‘ygan chiroyli ismlarini bugun qo‘llariga yozishmoqda – mabodo hujum nishoniga aylansa, uysizlar qabristoniga dafn qilinmasligi uchun. Ular kutilmaganda urush qurboni bo‘lishi mumkinligini bolalarcha tafakkur bilan anglab yetyapti.

BMT Bola huquqlari to‘g‘risidagi deklaratsiyasida “Bola har qanday sharoitda himoya va yordamdan birinchi bo‘lib foydalanadi” deya ta’kidlangan. Afsuski, bolalarni Isroil qirg‘inidan himoya qilib bo‘lmayapti, omon qolganlar ham ochlik yoki uy-joy muammosiga ro‘baro‘ kelmoqda.

OAV orqali bolaning gapiga hech quloq tutganmisiz? Ko‘rinishidan yosh bola-yu, hayot ulg‘aytirib qo‘ygandek – yuragidagi dard ko‘zlarida ham zohir. Ular hayqirishga – urushsiz dunyo bolalari kabi o‘qishga, baxtli bolalikni kechirishga haqi borligi haqida olamga jar solishga urinmoqda. Bil’aks, ularning ovozini hech kim eshitmayotgandek, go‘yo.

G‘azoda sog‘liqni saqlash tizimi izdan chiqqan. Bolalar bedarak yo‘qolmoqda, vayrona ostidan jasadlarni topib bo‘lmayapti. Shuning uchun ham hududda hayotdan ko‘z yumgan bolalarning aniq sonini bilish ilojsiz.

“Men urushdan qo‘rqaman, chunki do‘stlarimning yarmi shahid”, deydi yoshgina qizaloq. Bir ona aytadi: Ular o‘z yoshidan kattaroq, ular endi bola emas…

Kenja Bekjonov,

O‘zA