O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga (JST) a’zo bo‘lishi bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, mazkur jarayonni jadallashtirish maqsadida ko‘p tomonlama va ikki tomonlama muzokaralar davom ettirilmoqda.

O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi bo‘yicha ishchi guruhning 7-yig‘ilishi o‘tkazildi.

Yig‘ilishda tovarlar va xizmatlar savdosi, investitsiya, bojxona, texnik jihatdan tartibga solish, sanitariya va  fitosanitariya, intellektual mulk huquqlari va boshqa sohalar muhokama qilindi.

Shu o‘rinda ta’kidlash lozimki, milliy qonunchilikni JST bitimlari va qoidalariga uyg‘unlashtirish JSTga a’zolik masalalarini jadallashtirishning asosiy bo‘g‘ini hisoblanadi.

Shunga muvofiq, tadbirda adliya vaziri o‘rinbosari Alisher Karimov ishchi guruhning 6-yig‘ilishidan keyin amalga oshirilgan qonunchilikdagi o‘zgarishlar, milliy qonunchilikni JST bitimlariga uyg‘unlashtirish bo‘yicha ishlab chiqilgan loyihalar hamda yangi chora-tadbirlar haqida taqdimot qildi.

Shuningdek, milliy qonunchilikni JST bitimlariga uyg‘unlashtirish bo‘yicha yangi chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan yangilangan qonunchilik harakatlari rejasi, qabul qilingan hujjatlar va ishlab chiqilgan loyihalarning tarjimalari JST kotibiyatiga taqdim etildi.

Ishchi guruh yig‘ilishi ishtirokchilari qonunchilik harakatlari rejasini amalga oshirishdagi sezilarli muvaffaqiyatni yuqori baholadi. Qonunchilikni muvofiqlashtirish bo‘yicha ishlar davom ettirilishi ma’lum qilindi.

 

N.Abduraimova,  

O‘zA