Nukus davlat pedagogika institutida Xalqaro bag‘rikenglik kuni munosabati bilan “Biz – bir oila farzandlarimiz!” shiori ostida “O‘zbekiston – umumiy uyimiz” mavzusida bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.

“Bag‘rikenglik haftaligi” doirasida yoshlar o‘rtasida millatlararo totuvlik, do‘stlik va birdamlikning ahamiyatini keng targ‘ib qilish maqsadida tashkil etilgan tadbirda qayd etilganidek, ta’lim 5 tilda olib boriladigan mazkur oliy o‘quv yurtida qoraqalpoq, o‘zbek, qozoq, turkman, rus, koreys, qirg‘iz, ozarbayjon, bashqird, uyg‘ur va tatar kabi 11 ta millatga mansub yoshlar mustahkam do‘stlikda ta’lim olmoqda.

Bugungi kunda mamlakatimizda turli diniy konfessiyaga mansub 130 dan ziyod millat va elatlarning vakillari bag‘rikenglik, tinchlik muhitida yashab kelmoqda,

Respublikamizda yashab turgan turli millat va elat vakillarining tili, madaniyati, an’analari va urf-odatlarini saqlash va rivojlantirish uchun barcha sharoit yaratilgan. Ular o‘rtasida do‘stlik va totuvlikni yanada mustahkamlash, yosh avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash, fuqarolarning teng huquqliligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqla.

Tadbirda bugungi xalqaro globallashuv davrida qator mamlakatlarda milliy, diniy va boshqa ziddiyatlar kuchayib borayotgan bir pallada  yurtimizda millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalarini yanada rivojlantirish davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanligi qayd etildi.

Oliy o‘quv yurtining “To‘maris” ansambli hamda iqtidorli talabalarning “O‘zbekiston – bag‘rikeng diyor” mavzusidagi konsert dasturida mehr-muhabbat, bag‘rikenglik, millatlararo totuvlik hamda milliy qadriyatlar tarannum etildi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri