O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni
Aholi turmush darajasini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar ko‘lamini kengaytirish, fuqarolarning daromadlarini izchil oshirib borish siyosatini davom ettirish hamda ularning ijtimoiy muhofazasini kuchaytirish maqsadida:
1. 2023 yil 1 dekabrdan boshlab:
byudjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi, pensiyalar va nafaqalar miqdori 7 foizga;
bazaviy hisoblash miqdori 3 foizga oshirilsin.
2. 2023 yil 1 dekabrdan boshlab O‘zbekiston Respublikasi hududida:
mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori – oyiga 1 050 000 so‘m;
bazaviy hisoblash miqdori – oyiga 340 000 so‘m;
pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori – oyiga 372 000 so‘m;
yoshga doir eng kam pensiya miqdori – oyiga 725 000 so‘m;
nogironlik pensiyalari, jumladan, ish staji to‘liq bo‘lmagan chog‘dagi nogironlik pensiyasining eng kam miqdori – oyiga 800 000 so‘m;
mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nogironlik nafaqasi va bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslarga beriladigan nafaqa miqdori – oyiga 800 000 so‘m;
1941–1945 yillardagi urush oqibatida nogiron bo‘lgan shaxslar va uning qatnashchilari, shuningdek, fashistlar konslagerlarining voyaga yetmagan sobiq mahbuslari va Leningrad shahri qamal qilingan davrda ishlagan shaxslarning eng kam pensiya miqdori ustamalarni inobatga olgan holda – oyiga 3 527 000 so‘m;
belgilangan yoshga doir eng kam pensiya miqdoridan (725 000 so‘mdan) 800 000 so‘mgacha pensiya oluvchilarning yoshga doir pensiyalari miqdori – oyiga 800 000 so‘m;
zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi fuqarolarga beriladigan nafaqa miqdori – oyiga 608 000 so‘m;
ish staji to‘liq bo‘lmagan chog‘dagi yoshga doir pensiyaning eng kam miqdori qo‘shimcha to‘lovni hisobga olgan holda – oyiga 608 000 so‘m;
o‘zgalar parvarishiga muhtoj nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha bolalarning parvarishi bilan band bo‘lgan bolaning qonuniy vakiliga beriladigan nafaqa miqdori – oyiga 608 000 so‘m;
boquvchisini yo‘qotganlik nafaqasi oluvchilarning bir nafar mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun nafaqa miqdori – oyiga 608 000 so‘m etib belgilansin va keyingi har bir mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun – 212 000 so‘mdan qo‘shilsin;
boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi oluvchilarning bir nafar mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun pensiyaning eng kam miqdori – oyiga 608 000 so‘m etib belgilansin va keyingi har bir mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun amaldagi tartibga muvofiq pensiya to‘lansin.
3. Byudjet tashkilotlari xodimlarining ish haqlari, pensiyalar va nafaqalar miqdori oshirilishi bilan bog‘liq xarajatlar O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplansin.
4. Ish beruvchilarga ish haqi miqdorini qonunchilik hujjatlarida belgilangan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoridan kam bo‘lmagan holda to‘lashni ta’minlab, ish haqi miqdorini mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoriga muvofiq oshirish tavsiya etilsin.
5. Iqtisodiyot va moliya vazirligi mazkur Farmonning ijrosini ta’minlash hamda ta’lim va tibbiyot muassasalarida qo‘shimcha quvvatlarning yaratilishi, o‘quvchilar soni hamda birlamchi tibbiyot muassasalari sonining ortishi natijasida qo‘shimcha shtat birliklari kiritilishi hisobiga ish haqi xarajatlari uchun talab etiladigan qo‘shimcha mablag‘larning Davlat byudjetidan ajratilishini ta’minlasin.
6. Iqtisodiyot va moliya vazirligi:
O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi hamda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bilan birgalikda ushbu Farmonning maqsadi, vazifalari va undan kutilayotgan natijalarni ommaviy axborot vositalari, Internet va ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritish ishlarini tashkil qilsin;
manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
7. Mazkur Farmonning ijrosini ta’minlash uchun mas’ul va shaxsiy javobgar etib Bosh vazir o‘rinbosari J.A. Qo‘chqorov belgilansin.
Farmon ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYOEV
Toshkent shahri,
2023 yil 17 noyabr