Joriy yil 15 noyabrda Prezident tomonidan imzolangan (O‘RQ–878-son) qonun bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Xususan, sanitariya qonunchiligi, sanitariya normalari, qoidalari va gigiyena me’yorlarini buzganlik uchun salkam 7 million so‘m miqdorida jarima belgilandi.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra, sanitariya qonunchiligi, sanitariya normalari, qoidalarini va gigiyena normativlarini buzish, fuqarolarga BHM ning 5 baravaridan 10 baravarigacha (ilgari BHM ning 1 baravaridan 3 baravarigacha edi), mansabdor shaxslarga 15 baravaridan 20 baravarigacha (ilgari 5 baravaridan 10 baravarigacha edi) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Litsenziat yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni olgan shaxs tomonidan litsenziya yoki ruxsat berish talablari va shartlari muntazam ravishda (1 yil davomida ikki va undan ortiq marta) buzilganda, bekor qilinishi belgilandi.

Litsenziya yoki ruxsat berish talablari va shartlari 1 marotaba qo‘pol ravishda buzilganda, agar mazkur qoidabuzarlik fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘iga ziyon, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlari, jamoat xavfsizligi, atrof-muhit, jamiyat, davlat manfaatlari hamda tinchlik va xavfsizlikka tahdid solinishiga olib kelgan bo‘lsa, bekor qilinishi belgilandi.

Ushbu hollarda qonunchilikda belgilangan faoliyat turlari uchun 1 yil davomida qaytadan litsenziya berilmaydi. Mazkur talab tadbirkorlik sub’ektining muassisi yoki benefitsiar mulkdori tomonidan tashkil etiladigan yangi tadbirkorlik sub’ektlariga nisbatan ham tatbiq etiladi.

Qonunga ko‘ra, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi quyidagi faoliyat turlari bo‘yicha litsenziyalash va xabardor qilish tartib-taomillari sohasidagi vakolatli organ etib belgilandi.

Alkogol mahsulotlarining ulgurji savdosi, pivo va pivo ichimliklarini ishlab chiqarish va ulgurji savdo qilish faoliyati, tamaki mahsulotlari bilan ulgurji savdo qilish  Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligini xabardor qilish tartibida amalga oshiriladi.

Tamaki mahsulotlari bilan chakana savdo qilish esa joylardagi tuman (shahar) soliq inspeksiyalarini xabardor qilish tartibida amalga oshiriladi.

Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran 3 oy o‘tgach kuchga kiradi.

Sh.Mamaturopova, O‘zA