O‘zbekistonda xokkeyni rivojlantirishga e’tibor qaratilmoqda. Bu jarayonda “Humo” xokkey klubining qisqa muddatda erishgan yutuqlari va bellashuvlarda asosan yosh xokkeychilarning mahorati namoyon bo‘layotganini ko‘rish mumkin.

Yaqinda sportning ushbu turi bo‘yicha mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ishlar va yutuqlar “Euronews” telekanalida namoyish etildi. Unda mamlakatimizda xokkeyning qayta tiklanishi va yoshlar terma jamoasi faoliyati haqida so‘z borgan.

“Euronews” jurnalisti Galina Polonskaya xokkey bo‘yicha O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi mashg‘ulotlarini kuzatib, yosh sportchilarning yuksak salohiyatini ta’kidladi.

–Jamoa sardori Jasurbek Rustamxonov o‘tgan yili Mo‘g‘ulistonda o‘smirlar o‘rtasida o‘tkazilgan Osiyo va Okeaniya chempionatining eng yaxshi xokkeychisi sifatida e’tirof etildi. O‘sha vaqtda u tomonidan kiritilgan 14 ta gol O‘zbekiston terma jamoasini mintaqa chempionati yetakchilari qatoriga olib kirdi. O‘zbekistonda xokkeyning qayta tiklanishi yoshlarning sportning ushbu ommabop turi bilan shug‘ullanishlariga turtki bo‘lmoqda. Ta’kidlash kerakki, O‘zbekiston xokkey federatsiyasi tomonidan xokkeyni yanada rivojlantirish va yangi marralar sari dadil harakat qilish choralari ko‘rilmoqda, – deya ta’kidlaydi G.Polonskaya.

5 yil ichida O‘zbekiston xokkey federatsiyasi nafaqat “Humo” xokkey klubini va mamlakatning muvaffaqiyatli yoshlar terma jamoasini yaratishga, balki o‘zbek xokkeyini muxlislarning sevimli o‘yiniga aylantirishga muvaffaq bo‘ldi. Respublikamizning asosiy muz saroyi –“Humo Arena” majmuasida o‘yinlar rekord darajadagi tomoshabinlarni chorlamoqda va xokkey O‘zbekistonda eng ko‘p muhokama qilinadigan nufuzli sport turlaridan biriga aylanmoqda.

Muxtasar aytganda, “Euronews” muxbiri O‘zbekistonda xokkeyning qayta tiklanishi sportsevar yoshlarni ilhomlantirib, ularni faol o‘yinlarga chorlayotgani va o‘zbek xokkeyi esa mamlakatdagi eng mashhur sport turlaridan biriga aylanib borayotganini tasvirlarda ko‘rsatgani va bu boradagi muvaffaqiyatlarni ifoda etgani bilan o‘z maqsadiga erisha olgan.

N.Ziyodullayeva tayyorladi. 

O‘zA