Mamlakatimiz poytaxti yana bir nufuzli sport anjumaniga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
12-17 noyabr kunlari bo‘lib o‘tadigan Butunjahon boks ittifoqi (WBC)ning 61-konvensiyasiga tayyorgarlik ishlari davom etayotgan ayni kunlarda mazkur anjuman va uning doirasidagi tadbirlarda qatnashadigan mehmonlarning yurtimizga tashrifi boshlandi.
Bugun, 8 noyabr kuni tong sahar ushbu tadbirning asosiy mehmonlaridan biri Butunjahon boks ittifoqi (WBC) prezidenti Maurisio Suleymanni Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida Yoshlar siyosati va sport vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi, mamlakat professional boks federatsiyasi mutasaddilari kutib oldi.
Ta’kidlash lozim, Markaziy Osiyo mintaqasida ilk bor tashkil etilayotgan Butunjahon boks ittifoqi (WBC)ning yillik konvensiyasida WBC Ijroiya qo‘mitasining 15 nafarga yaqin a’zosi, Mayk Tayson, Xolifild, Konstantin Szyu, Tayson Fyuri, Vasiy Lomachenko kabi jahon boks yulduzlari, 200 ga yaqin davlatdan boks tashkilotlari, promuoterlik kompaniya vakillari, mutasaddilari ishtirok etadi.
Jahonda boks, xususan professional boksning rivoji, o‘tkazilayotgan janglar, mazkur sport turi bo‘yicha faoliyat ko‘rsatayotgan promuoterlik kompaniyalarning ish tizimi, WBC tizimini isloh qilish kabi qator masalalar Toshkentda tashkil etiladigan anjumanning asosiy mavzusi bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, ushbu tadbirda qatnashadigan taniqli bokschilardan Tayson Fyuri, Vasiliy Lomachenko, Xolifild, Konstantin Szyu 12 noyabr, Mayk Tayson esa 16 noyabr kuni Toshkentga yetib kelishi kutilmoqda.
T. Ro‘ziyev, O‘zA