O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi rahbariyati shu kunlarda Toshkentda mehmon bo‘lib turgan FIFA texnik departamenti bosh mutaxassisi Mishel Sablon hamda FIFA hududiy konsultanti Gayos Darsatze bilan uchrashdi.
Uchrashuvda texnik direktorlar, murabbiylarning zamonaviy futbolda tutgan o‘rni, bu yo‘nalishdagi zamonaviy tendensiyalar muhokama qilindi.
Ommaviy va professional futbolni bosqichma-bosqich rivojlantirishga qaratilgan “Grassroots” va “Elite Youth” dasturlarini yurtimizda muvaffaqiyatli amalga oshirish haqida so‘z bordi.
Tomonlar kelgusida Toshkent shahrida FIFAning futbol mutaxassislari uchun malaka oshirish markazini tashkil etish taklifini ilgari surdi. Bu tashabbusning o‘zbek futbolidagi so‘nggi yillardagi rivojlanish jarayoniga ijobiy ta’siri e’tirof etildi.
Belgiya futbolidagi ulkan o‘sish davriga sabab bo‘lgan dasturlarning mualliflaridan biri Mishel Sablon o‘z tajribasidan kelib chiqib, rivojlanish strategiyasi haqida ma’lumot berdi.
FIFA mutaxassislari O‘zbekiston yoshlar va o‘smirlar terma jamoalarining Jahon chempionatida ishtiroki va umidli futbolchilarimizning istiqbolini alohida e’tirof etishdi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA