Mamlakatimizda joriy yil 12-17 noyabr kunlari ilk bor Butunjahon boks ittifoqining (WBC) yillik konvensiyasi o‘tkaziladi.
O‘zbekistonda o‘tkaziladigan mazkur yirik professional boks tadbirida WBC prezidenti Maurisio Suleyman, ushbu tashkilot Ijroiya qo‘mitasining 15 nafarga yaqin a’zolari, Mayk Tayson, Xolifild, Konstantin Szyu, Tayson Fyuri, Vasiy Lomachenko kabi jahon chempionlari, 200 ga yaqin davlatdan 300 nafarga yaqin boks tashkilotlari, promuoterlik kompaniya vakillari, mutasaddilari ishtirok etishi kutilmoqda.
Bugun Yoshlar siyosati va sport vazirligida Butunjahon boks ittifoqining yillik 61-konvensiyasiga ko‘rilayotgan tayyorgarlik ishlariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Yoshlar siyosati va sport vaziri Adham Ikromov olib borgan yig‘ilishda ta’kidlanganidek, 1963 yilda asos solingan Butunjahon boks ittifoqi professional boksning eng nufuzli yo‘nalishi hisoblanib, uning bosh qarorgohi Meksikaning Mexiko shahrida joylashgan. O‘tgan yili tashkilotning yubiley – 60-yillik konvensiyasi Meksikada o‘tkazilgan va aynan o‘sha tadbirda 61-konvensiya mezbonligi O‘zbekistonga ishonib topshirilgan. Bu esa mamlakatimiz o‘tgan yillar davomida nufuzli sport tadbirlari, chempionatlar, xalqaro turnirlar, anjumanlar markaziga aylanib borayotganining yorqin ifodasidir.
Yig‘ilishda mazkur yirik boks tadbirida qatnashish uchun yurtimizga kelayotgan sportchilar, yirik sport mutasaddilarini kutib olish jarayonlari, tadbirlarni yuqori saviyada o‘tkazish, tashkil etiladigan professional boks kechasini yuqori saviyada uyushtirish borasidagi ishlar muhokama qilindi. Tashkilotlarning mutasaddilariga aniq vazifalar belgilandi.
Yig‘ilishda onlayn tarzda ishtirok etgan Samarqand viloyati hokimligi vakillari yurtimizga kelayotgan professional boksning nomdor vakillarini Samarqandda kutib olish, qadimiy va hamisha navqiron shaharda o‘tkaziladigan tadbirlar xususida o‘z fikrlarini bildirdi.
Aytish lozim, Butunjahon boks ittifoqining tarixiy yig‘ini poytaxtimizda tashkil etilayotgani, mazkur konvensiyada WVC tizimidagi bir qator muhim qarorlar Toshkentda qabul qilinishi o‘ziga xos ahamiyat kasb etishi shubhasiz.
Dunyo professional boks yulduzlari Toshkentda jam bo‘lishi jahon boks ixlosmandlarining e’tiborini Toshkentga qaratadi. Yurtimizning xalqaro sport obro‘sini jahon hamjamiyatiga yoyishiga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Mazkur konvensiya doirasida o‘tkaziladigan professional boks musobaqalarida iste’dodli bokschilarimiz Bahodir Jalolov, Abdumalik Xalakov, Qudratilla Abduqahhorov, Mirazizbek Mirzaxalilovlarning chet ellik raqiblari bilan jang o‘tkazishi nafaqat mintaqa, balki dunyo boks ixlosmandlarining katta qiziqishiga sabab bo‘lishi tayin.
Eslatib o‘tamiz, bugun tunda Butunjahon boks ittifoqining yillik konvensiyasida ishtirok etish uchun WBC prezidenti Maurisio Suleyman Toshkentga yetib keladi. Taniqli bokschilardan Tayson Fyuri, Vasiliy Lomachenko, Konstantin Szyu kabi nomdorlar 12 noyabrda Toshkentga yetib kelsa, Mayk Tayson 16 noyabr kuni poytaxt aeroportida kutib olinishi rejalashtirilmoqda.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA