Nukusda futbol bo‘yicha Qoraqalpog‘iston chempionati ikkinchi liga jamoalari o‘rtasida o‘ttizinchi chempionatning final o‘yini bo‘lib o‘tdi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi futbol akademiyasi o‘yingohida bo‘lib o‘tgan hal qiluvchi o‘yinda Xo‘jayli tumanining “Xo‘ja eli” hamda Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti jamoalari chempionlik uchun kurashdi.

May oyida boshlangan ushbu chempionatda 23 ta jamoa 5 ta guruhga bo‘lingan holda bahslar olib bordi. Hududiy bosqich avgust oyida yakunlanib, shundan 13 ta jamoa keyingi bosqichda ishtirok etdi. Guruhlarda birinchi o‘rinni egallagan “Xo‘ja eli” hamda Nukus davlat pedagogika instituti jamoalari finalga yo‘llanma oldi.

Uchrashuv teng kurashlar bilan boshlandi. Dastlab institut jamoasi hujumchisi Soxbet Muradov hisobni ochdi. Shundan keyin raqib jamoa o‘yinchisi Aybek Ro‘zimov hisobni tenglashtirdi. Birinchi bo‘limning so‘nggi daqiqalarida talabalar jamoasi o‘yinchisi Begzod Ibragimov hisobni 2:1 ga o‘zgartirdi.

Ikkinchi bo‘limda “Xo‘ja eli” jamoasi futbolchilari o‘z ustunligini namoyish etdi. Yakunda 5:2 hisobida g‘alaba qozonib, Qoraqalpog‘iston chempioni bo‘ldi.

– Futbolchilarimiz yaxshi o‘yin namoyish etishi natijasida g‘olib bo‘ldik, – deydi “Xo‘ja eli” jamoasi sardori Allayar Reymov. – Bizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlagan tuman hokimligi rahbariyatiga, homiy tashkilotlarga hamda jonkuyar muxlislarimizga minnatdorchilik bildiramiz.

O‘yindan so‘ng futbolchilarni taqdirlash marosimi bo‘ldi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi o‘rinbosari R.Zarikeyev va boshqalar so‘zga chiqib, futbolchilarni qutladi. Jamoalarga diplom, medal hamda qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat),
O‘zA muxbirlari