O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi tashabbusi bilan ommaviy axborot vositalari vakillari hamda blogerlar tadbirkor Aygul Tasbayeva tomonidan barpo etilgan zamonaviy mehmonxona faoliyati bilan tanishdi.
So‘nggi yillarda Orolbo‘yida ham turizm va xizmat ko‘rsatish sohasi jadal rivojlanib, ushbu yo‘nalishda faoliyat olib borayotgan tadbirkorlar har tomonlama qo‘llab-quvvatlanmoqda. Mehmonxona va restoran xizmatini rivojlantirishda tadbirkordan marketing bo‘yicha yaxshi xabardor bo‘lishi talab qilinadi. Chunki mijozlar va sayyohlar qayta kelish istagida bo‘lishi uchun xizmatni yaxshilash, ichki boshqaruv va sifat nazoratini o‘rnatish, ularning individual talab va ehtiyojiga javob bera oladigan darajada taomlarni taqdim etishi zarur.
Tajribadan ma’lumki, mehmonxonalar qanchalar jahon andozalari talablariga javob bersa, shunchalik sayyohlar e’tiborini o‘ziga jalb qila oladi. Shuning uchun ham sohada faoliyat olib boruvchi tadbirkorlar mehmonxonaga tashrif buyurgan sayyohlarni kutib olish, ularni joylashtirish, xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash, hududning sanitariya-gigiyena talablariga javob berishini va mehmonlarga qulay tomonlarini puxta o‘ylab ko‘rishi lozim.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yili Qoraqalpog‘iston Respublikasida 44 ta mehmonxona va shunga o‘xshash joylashtirish vositalari davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. Shuningdek, o‘tgan yili yashash hamda ovqatlanish sohasida 1 ming 510 ta korxona va tashkilot faoliyat yuritgan bo‘lsa, joriy yilning 1 avgust holatiga ularning soni 1 ming 750 tani tashkil etadi.
Nukus shahrida yangidan tashkil etilgan “DREAM HOTEL NUKUS” mas’uliyati cheklangan jamiyat asoschisi Aygul Tasbayeva O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi faol a’zosi, namunali tadbirkorlardan biri hisoblanadi. Mamlakatimizda kambag‘allikka qarshi kurashish jarayonini yangi bosqichga olib chiqish hamda ushbu jarayonga tadbirkorlik sub’ektlarini manfaatli hamkorlik asosida qo‘shimcha qulayliklar yaratish maqsadida joriy etilgan “20 ming tadbirkor – 500 ming malakali mutaxassis” dasturi doirasida tadbirkorlik sub’ektlariga berilgan soliq va bojxona imtiyozlari hamda preferensiyalardan samarali foydalangan holda aholiga sifatli xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Ya’ni o‘zi rahbarlik qilayotgan “Damir” mehmonxonasida 50 nafar kishi doimiy ish bilan ta’minlangan.
Tadbir davomida ommaviy axborot vositalari vakillari hamda blogerlar mehmonxona faoliyati, ularga yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi va o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat),
O‘zA muxbirlari