O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Sport sohasida davlat xizmatlari ko‘rsatishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.

Unga muvofiq: 

davlat sport-ta’lim muassasalariga o‘quvchilarning hujjatlarini qabul qilish hamda ularning o‘qishini ko‘chirish, shuningdek, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi futbol akademiyalariga o‘quvchilarning hujjatlarini qabul qilish hamda ularning o‘qishini ko‘chirish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi.

Ushbu reglamentlarga muvofiq, davlat xizmatlari  davlat xizmatlari markazlari yoki O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali 2023 yil 1 dekabrdan boshlab ko‘rsatiladi.

2023 yil 20 noyabrga qadar: 

davlat xizmatlarining YAIDXP orqali joriy etilishi ta’minlanadi;

“ERP sport” yagona elektron boshqaruv tizimini YAIDXPga integratsiya qilish choralari ko‘riladi; 

YAIDXPda davlat xizmatlari ko‘rsatilishining har bir bosqichida murojaatlarning ko‘rib chiqilishini kuzatib borish tizimi joriy etiladi.

Davlat xizmatlari ko‘rsatilishining belgilangan tartibi bajarilishi yuzasidan YAIDXP orqali doimiy nazorat o‘rnatiladi hamda ushbu qaror bilan tasdiqlangan ma’muriy reglamentlar talablarini buzganlik uchun davlat organlari va boshqa tashkilotlarning mansabdor shaxslariga nisbatan belgilangan tartibda ma’muriy jazolar qo‘llaniladi.

 

                                                                                                                O‘zA