Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva Xitoy Xalq Respublikasi madaniyat va turizm vaziri Xu Xepin boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Muloqot davomida savdo-iqtisodiy hamkorlikni, parlamentlararo muloqotlar va madaniy-gumanitar aloqalarni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

O‘zbekiston va Xitoy yetakchilarining mustahkam do‘stligi va siyosiy irodasi tufayli ikki davlat munosabatlari strategik sheriklik darajasida jadal rivojlanayotgani alohida qayd etildi.

Ma’lumki, mamlakatlarimiz o‘rtasida 2023-2027 yillarga mo‘ljallangan yangi davrdagi har tomonlama strategik sheriklikni rivojlantirish dasturi hamda umumiy qiymati 25 milliard dollardan ziyod bo‘lgan yangi yuqori texnologik sanoat, savdo va investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.

Suhbat chog‘ida parlamentlararo aloqalarga e’tibor qaratilib, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi har tomonlama strategik sheriklikni yanada mustahkamlashning muhim mexanizmi ekani aytib o‘tildi.

Oliy Majlis va Butunxitoy xalq vakillari kengashi o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni yanada jadallashtirish uchun barcha imkoniyatlar mavjudligi, ayniqsa, madaniyat va turizm yo‘nalishlarida sa’y-harakatlarni birlashtirish lozimligiga urg‘u berildi.

O‘zbekiston va Xitoyni Buyuk ipak yo‘li bo‘ylab uzviy tarixiy rishtalar bog‘lab turadi. Madaniyatlar, an’analar, mentalitet va qadriyatlarning o‘xshashligi ham birlashtiradi. Shu nuqtai-nazardan tomonlar xalqlar o‘rtasidagi yaqin madaniy hamkorlikni hamda turizmni rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratdi.

Mamlakatlarimiz umumiy tarixini o‘rganish bo‘yicha qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish, “Ipak yo‘li” jamg‘armasi ko‘magida ikki davlat shaharlari o‘rtasida sayyohlik yo‘lagini shakllantirish bo‘yicha dasturni ishga tushirish va keyinchalik unga Markaziy Osiyoning boshqa davlatlarini ham jalb qilish taklifi ilgari surildi.

Xitoyda O‘zbekiston, O‘zbekistonda Xitoy madaniyat kunlarini tez-tez o‘tkazish hamda madaniyat markazlari faoliyatini jonlantirishga kelishib olindi.

N.Abduraimova, O‘zA