Oliy Majlis Senati yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga dehqon xo‘jaligini yuritish uchun ajratiladigan yer uchastkalarining o‘lchamini oshirishga qaratilgan o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi.

Mamlakatimizda chorvachilik sohasi va uning tarmoqlarini rivojlantirish, chorva ozuqa bazasini mustahkamlashga e’tibor qaratilmoqda. Shuningdek, aholining chorvachilik mahsulotlarini qayta ishlovchilar bilan hamkorligini kuchaytirish, o‘z xonadonlarida chorva mollari boqishni tashkil etish kabi masalalarda zarur tashkiliy chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Qayd etish joizki, mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligiga erishish, aholini arzon va sifatli go‘sht hamda sut mahsulotlari bilan to‘laqonli ta’minlash, shuningdek, yangi ish o‘rinlarini yaratish orqali aholini band qilish doimiy e’tiborda.

Qonun bilan “Dehqon xo‘jaligi to‘g‘risida”gi qonunga hamda Yer kodeksiga o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritilmoqda.

Xususan, qonunda Qoraqalpog‘iston Respublikasida chorva ozuqasi ekinlarini yetishtirish maqsadida dehqon xo‘jaligini yuritish uchun 0,06 gektardan 5 gektargacha yer ajratib berilishi belgilanmoqda.

– Bu qonun Qoraqalpog‘iston Respublikasi uchun muhim, -dedi Senat Raisi Tanzila Norboyeva. – Ma’lumki, bu hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan qator Prezident hujjatlari, dasturlar qabul qilindi va amalda o‘z samarasini berib, Qoraqalpog‘istonda hamma sohalarda rivojlanish jadallik bilan davom etayapdi. O‘ylaymanki, qonun bilan kiritilayotgan o‘zgartirishlar shu boradagi sa’y-harakatlarning mantiqiy davomi bo‘ladi. Mana shu normaning hayotga tatbiq etilishi o‘sha hududdagi dehqon xo‘jaliklarining yanada kengayishiga, chorvachilik tarmog‘i rivojlanib, yangi ish o‘rinlari yaratilishiga zamin yaratadi.  Eng asosiysi, odamlarimiz hayoti farovonlashadi.

Senatorlar ma’qullagan qonun Qoraqalpog‘iston Respublikasida chorvachilik mahsulotlari yetishtiruvchilarni qo‘llab-quvvatlashga va mazkur sohada mahsulot ishlab chiqarishning barqaror o‘sishini ta’minlashga xizmat qiladi.

 

N.Abduraimova, O‘zA