21 oktyabr – O‘zbek tili bayrami kuni

“O‘zbekiston” Xalqaro anjumanlar saroyida 21 oktyabr – O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan tantanali bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi, Oliy Majlis Senati, Qonunchilik palatasi vakillari, turli idora va tashkilotlar, vazirliklarning mutasaddilari, oliy ta’lim dargohlarining professor-o‘qituvchilari, olimlar, yozuvchi va shoirlar, ma’naviyat targ‘ibotchilari, talaba-yoshlar ishtirok etdi.

Tadbir ishtirokchilari dastlab saroy foyesida tashkil etilgan ona tilimizning nufuzi, o‘zbek tilining mavqeini yuksaltirish borasida olib borilayotgan ishlarni namoyish etuvchi ko‘rgazma bilan tanishdi.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning 21 oktyabr – O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan O‘zbekiston xalqiga bayram tabrigini Prezident maslahatchisi  Xayriddin Sultonov o‘qib eshittirdi.

Tabrikda ta’kidlanganidek, ona tilimizning Birlashgan Millatlar Tashkilotidek nufuzli tuzilma minbaridan yangrashi o‘zbek tilining dunyo miqyosidagi obro‘si va nufuzining tobora yuksalishida, jonajon tilimizni o‘rganishga bo‘lgan qiziqishning tobora ortishida asosiy omil bo‘lmoqda.

Darhaqiqat, ona tilimiz bizning borligimiz, millat, davlat, yagona xalq sifatidagi birligimizning o‘ziga xos ko‘zgusidir. Mamlakat hayotidagi yangilanish jarayonlari ona tilimiz rivojiga qaratilayotgan ulkan e’tibor va g‘amxo‘rlikda ham o‘zining yaqqol ifodasini topmoqda.

Prezidentimiz tashabbusi bilan ona tilimiz rivojiga doir milliy qonunchiligimiz yanada takomillashdi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi samarali faoliyat olib bormoqda.

Mazkur tuzilmalar ona tilimizni keng targ‘ib etish, uni o‘rganish, o‘zbek tili taraqqiyoti bilan bog‘liq barcha ishlarni samarali yo‘lga qo‘yishga oid turli loyihalar, kitob va lug‘atlar nashri, til targ‘iboti bo‘yicha jonbozlik ko‘rsatayotgan ustozlarni rag‘batlantirish yuzasidan tizimli ishlarni olib bormoqda. Barcha vazirlik va idoralar, tashkilotlarda ish yuritish jarayoni to‘liq ona tilimizda olib borilmoqda.

Mamlakatimizdagi yetakchi ilmiy muassasalar, markazlarda, shuningdek, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida o‘zbek tilini nainki mamlakatimiz, balki dunyo miqyosida targ‘ib etish borasida keng qamrovli ibratli ishlar olib borilmoqda.

Eng asosiysi, bugun, 21 oktyabr nafaqat ona tili va adabiyoti muallimlari yoki o‘zbek tilshunosligi olimlari, balki butun xalqimiz yakdilligi, ezgu ma’rifiy intilishlarining ko‘zgusiga aylandi.

– Mana bir necha yildirki, mamlakatimizda 21 oktyabr juda xalqona tarzda,  haqiqiy bayram sifatida nishonlanmoqda, – dedi O‘zbekiston xalq shoiri Mahmud Toir. – Ona tilimizni asrab-avaylash har bir fuqaroning burchi ekanini odamlar dildan anglamoqda.   Davlatimiz rahbarining bayram munosabati bilan  O‘zbekiston xalqiga tabrigida bu boradagi mas’uliyatli vazifalar mujassamdir.

–Ushbu sana keng miqyosda, haqiqiy xalq bayrami, til va ma’naviyat, adabiyot, kitobxonlik bayrami sifatida, juda samimiy tarzda nishonlanayotgani quvonarli, – dedi poytaxtimizdagi 274-maktabning ona tili va adabiyoti o‘qituvchisi Lola Turdiqulova. – Bu sana ona tilimizni asrash yo‘lida  barchamiz birdek mas’ul ekanimizni anglatadi. Prezidentimizning bayram munosabati bilan tabrigida bu boradagi vazifalar belgilab berilgan.  Zero, har birimizning o‘zimizga, o‘zligimizga bo‘lgan hurmatimiz tilga bo‘lgan munosabatimiz bilan belgilanadi.

Tantanali tadbirda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, shoir Eshqobil Shukur ona tilimizga bag‘ishlangan yangi she’rini o‘qib berdi.

“O‘zbek tili jilolari” nomli videolavha orqali ona tilimiz rivoji yo‘lida mehnat qilgan ustoz yozuvchi va shoirlar, san’at darg‘alarining ijodidan namunalar aks ettirildi.

Tantanali tadbirda mamlakatimizda istiqomat etayotgan turli millat vakillari oʻzbek tilining oʻz hayoti va taqdirida, yutuqlarga erishishdagi ahamiyati xususida soʻzladilar.

Ulkan monitor orqali jahonning turli mamlakatlarning oʻzbek tilini tadqiq etayotgan  olimlar, tilshunos mutaxassislarning fikr-mulohazalari, ona tilimizga hurmat va ehtiromli munosabati on-layn tarzda namoyish etildi.

Konsertda ona tilimizning jozibasini koʻrsatib beruvchi sheʼrlar, dilbar kuy-qoʻshiqlar ijro etildi. Chindan ham bu bayram milliyligimiz, oʻzligimiz, yangilanayotgan Oʻzbekistonimizning maʼnaviy qiyofasi sifatida hayotimizdan mustahkam oʻrin olgan ayyomdir.

Tantanali tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri Nurdinjon Ismoilov ishtirok etdi.

 

Nazokat Usmonova,  

Murodxon Xoʻjayev (surat), 

OʻzA