XAMAS-Isroil

Misr Prezidenti Abdul Fattoh as-Sisi tashabbusi bilan Qohirada 21 oktyabr kuni Falastin muammosiga bag‘ishlab o‘tkaziladigan mintaqaviy sammitda 30 mamlakat va 3 xalqaro tashkilot vakillari ishtirok etadi, deb xabar berdi “Al-Qahera al-Ihbariya” telekanali. Qatnashchilar orasida BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish, Gretsiya, Italiya, Kipr, Turkiya va qator arab davlatlari yetakchilari qayd etilgan.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bugun Misr tomonidan G‘azo sektoriga gumanitar ko‘mak yetkazish uchun “Rafax” nazorat punkti ochilishini olqishlaydi, dedi tuzilma Bosh direktori Tedros Adanom Gebreyesus.

“CNN” telekanali ham Misr 20 oktyabr kuni “Rafax” chegara punktini ochishi to‘g‘risida xabar berdi.

XAMAS butun dunyo arablari va musulmonlariga G‘azo sektori o‘qqa tutilishini to‘xtatish chaqirig‘i bilan namoyish o‘tkazish bo‘yicha murojaat qildi.

“22 oktyabr G‘azo bolalari bilan birdamlik kuni bo‘lishini istaymiz”, deyiladi bayonotda.

Falastinning Rossiyadagi elchisi Abdul Hofiz Nofal G‘azo sektorida vafot etganlarning 65 foizi ayollar va bolalar, deya ma’lum qildi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, G‘azoda 4 ming atrofida falastinlik o‘ldirilgan, 13 mingga yaqin kishi yaralangan.

“Bloomberg” agentligi manbalariga tayanib xabar berishicha, AQSH bosimi bilan Isroil rejasiga o‘zgartirish kiritib, quqruqlikdagi harbiy amaliyotni to‘xtatishi mumkin.

Amerika hukumati “Isroil bosqini inqirozni ikki frontga bo‘lib yuborishi va ziddiyatga Eron aralashib qolishidan xavotirda”, deya qo‘shimcha qilgan agentlik.

G‘azo sektoriga hujum oqibatida yunonlarning Muqaddas Porfiriya pravoslav cherkovi portlatilgan, bir qiz va bir necha kishi yaralangan. Bu haqda Gretsiyaning “ERT-1” telekanali ma’lum qildi. Pulemyot otishmasida Livan janubidagi chegarada bir jurnalist o‘ldirilgan, deb yozdi “Reuters”.

AQSH ayni payt Isroil va XAMAS o‘rtasida vositachilik qilishning o‘rni emas, deb biladi. Bu haqda Davlat departamenti matbuot xizmati rahbari Mettyu Miller bildirdi. U jurnalistlarga Guterrishning Yaqin Sharqda otashkesinni to‘xtatish haqidagi chaqirig‘ini rad etib, “Bu bizning siyosat emas, biz Isroilning o‘zini himoya qilish huquqini qo‘llab-quvvatlaymiz”, degan.

Prezident Jo Bayden davom etayotgan keskin inqirozga qaramay, so‘nggi kunlarda ikkinchi marta Yaqin Sharq muammosini ikki davlat qarori bilan hal etishga chaqirdi.

– Isroil va Falastin xalqi xavfsiz, tinch yashashga haqli, – dedi u Oq uydagi chiqishida. Davlat rahbari Isroil hukumatini “g‘azabdan ko‘r bo‘lib qolishdan” ogohlantirdi.

Amerika tomoni, deyarli, har kuni havo hujumidan himoya tizimi, aviabomba, snaryad va boshqa aslahalar bilan Isroilga harbiy yordam ko‘rsatmoqda. Bu haqda AQSH Mudofaa vazirligi matbuot xizmati rahbari Patrik Rayder ma’lum qildi.

Vashingtonning o‘z gegemonligini amalga oshirish uchun Yevropa, Yaqin Sharqda olib borayotgan ig‘vosi, shuningdek, Amerika ichki siyosati oqibatida mamlakat “to‘la tartibsizlik” tahdidi ostida. Shimoliy Koreya Markaziy telegraf agentligi sharhida shunday deyilgan.

“AQSH ma’muriyatining tashqi ta’siri va maqomi yirik davlatlar va ittifoqchilari bilan yangi qarama-qarshilik, inqiroz tufayli tobora tushib bormoqda”, deyiladi bayonotda.

Abror XON, O‘zA