O‘zbekiston va Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) o‘zaro hamkorligi keng qamrovli va samarali tarzda rivojlanib bormoqda.

O‘zbekiston XMT ko‘magi bilan BMT Bosh kotibining “Ish o‘rinlari yaratish va adolatli o‘tish uchun umumiy ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha global tezlatkich” tashabbusida birinchi mamlakat sifatida qayd etilgan. Ayni paytda O‘zbekistonda mazkur mexanizmning barcha elementlari amaliyotga joriy etilmoqda.

Bu Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva va Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT)ning mintaqaviy byurosi direktori Mixail Pushkin uchrashuvida alohida qayd etildi.

Muloqot chog‘ida mehnat munosabatlari tizimini takomillashtirish bo‘yicha yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida mehnat sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.

XMT bilan hamkorlikda qabul qilingan O‘zbekistonda munosib mehnat bo‘yicha 2021-2025 yillarga mo‘ljallangan dastur, mehnat sohasidagi hamda ishlab chiqarish va texnik yo‘nalishlardagi xalqaro standartlarni mamlakat iqtisodiyotiga keng tatbiq etish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar muhim o‘rin tutmoqda.

Suhbat davomida munosib mehnat sharoitlarini yaratish, mehnat sohasiga xalqaro standartlarni joriy etish kabi masalalar yuzasidan fikr almashildi.

O‘zbekiston va XMT o‘rtasida izchil rivojlanib borayotgan hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlashga, birgalikda amalga oshiriladigan loyihalar yuzasidan maslahatlashuvlarni faollashtirishga kelishib olindi.

 

N.Abduraimova,  

O‘zA