Avval xabar berilganidek, poytaxtimizda 11-12 oktyabr kunlari “Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va qishloq xo‘jaligini innovatsion rivojlantirishda xotin-qizlarning o‘rni” mavzusida xalqaro forum bo‘lib o‘tdi. Xalqaro qishloq ayollari kuniga bag‘ishlangan ushbu forum Yevropa Ittifoqi, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot dasturi hamda bir qator vazirlik va idoralar hamkorligida tashkil etildi.

Forumda qishloq xo‘jaligi sohasidagi ayollarning salohiyatini yanada kengaytirish yuzasidan fikr-mulohazalar almashildi.

Qayd etilganidek, qishloq xo‘jaligi sohasining turli sektorlarida minglab xotin-qizlar faoliyat olib boradi. Qishloq xo‘jaligi vazirligi tizimidagi 23 ta ilmiy tadqiqot institutlarida ham olima ayollar faoliyat olib borayotgani, agrar sohani ilmiy jihatdan o‘rganishda faollik ko‘rsatayotgani quvonarlidir.

Xalqaro forumning ikkinchi kunida anjuman ishtirokchilari Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot institutiga tashrif buyurdilar. Shuningdek, akademik Mahmud Mirzayev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti faoliyati bilan ham tanishdilar.

Mazkur xalqaro anjuman agrar sohadagi xotin-qizlar uchun o‘zaro tajriba almashish maydoni bo‘ldi.

Muhtarama Komilova, O‘zA