Samarqand shahridagi «Boqiy shahar» majmuasida “Ipak yo‘li durdonasi” XV Toshkent xalqaro kinofestivalining tantanali yopilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Yopilish marosimidan avval xorijiy va o‘zbek kino yulduzlari qizil yo‘lakdan o‘tish tadbiri o‘tkazildi.

Kinoijodkorlar, aktyor va aktrisalar, rejissyor va kinooperatorlar, prodyuser va kinotanqidchilar, kinoshunos olimlar ishtirok etgan ushbu marosimda  amerikalik kino rejissyor Kevin Speysi,  Kinematografiya agentligi bosh direktori Firdavs Abduholiqov, fransiyalik mashhur aktyor Sami Naseri va boshqalar ushbu festival soha vakillari uchun o‘zaro hamkorlik va do‘stona aloqalarni mustahkamlashga yana bir imkoniyat yaratganini ta’kidladi.

Shundan so‘ng qatnashchilar uchun Samarqand shahri haqida tayyorlangan video namoyish etildi.

Ta’kidlash kerakki, ushbu kinofestival nafaqat ijodkorlarni yangi  g‘oyalar ustida ishlashga undadi, balki soha vakillari erishgan yutuqlarni e’tirof ham etdi.

Kinofestivalda 52 davlatdan tashrif buyurgan 300 nafarga yaqin rejissyor, aktyor va prodyuserlar bilan birga O‘zbekistonning ko‘plab ishonchli  hamkorlari ham ishtirok etdi. Ushbu festival 100 dan ziyod tadbirlarni qamrab olgani va  ishtirokchilarda katta taassurot qoldirgani bilan yanada ahamiyatlidir.

Marosim davomida bir qator kino san’ati vakillari taqdirlandi. Xususan, «Matonat» hujjatli filmi rejissyori Shuhrat Mahmudov, «Samarqandda qovun tarovati» kinokartinasi rejissyori Ali Hamroyev, jahon kinosi rivojiga qo‘shgan hissasi uchun rejissyorlar — rossiyalik Aleksandr Sokurov, gruziyalik Irakliy Kvirikadze va italiyalik Piyetro Marchello taqdirlandi.

Marosim yakunida Markaziy Osiyo filmlari tanlovi g‘oliblari e’lon qilindi. Unga ko‘ra, Tojikistonning «Fortuna» filmi kinofestival direksiyasining maxsus sovriniga, qozog‘istonlik rejissyor Maksim Akbarovning «Sahro» kinokartinasi eng yaxshi debyut nominatsiyalariga loyiq ko‘rildi.

“Eng yaxshi aktyor” Dastan Aybek («Shuvoq hidi»), “Eng yaxshi aktrisa” Talaaykan Abazova («Esimda»), “Eng yaxshi rejissyor” esa Darxon Tulegenov («Aka-ukalar») deb topildi. Hakamlar hay’atining maxsus mukofoti Adilxan Erjanovning «Ademokaning sabog‘i» filmiga nasib etdi.

O‘zbekistonlik rejissyor Shokir Xoliqovning «Yakshanba» filmi

“Eng yaxshi film” nominatsiyasi bo‘yicha e’tirof etildi.

 

O‘zA.