Samarqand shahrida O‘zbekiston oftalmologlarining uchinchi xalqaro kongressi o‘tkazilmoqda.

Anjumanda Sog‘liqni saqlash vazirligi, Respublika ixtisoslashtirilgan ko‘z mikroxirurgiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi mas’ul xodimlari va yurtimiz tibbiyot muassasalari mutaxassislari bilan birga AQSH, Germaniya, Shveysariya, Ukraina, Turkiya, Rossiya, Hindiston, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Armaniston kabi mamlakatlardan 1500 nafardan ziyod oftalmolog onlayn va oflayn tarzda ishtirok etmoqda.

Uchinchi xalqaro kongressda oftalmologiyaning deyarli barcha yo‘nalishlaridagi dolzarb muammolar, keng tarqalgan ko‘z kasalliklari diagnostikasi va davolash usullari qamrab olingan bo‘lib, bu ishtirokchilarning qiziqishini orttirib, yosh oftalmologlar uchun tajriba almashish va malaka oshirish uchun o‘ziga xos imkoniyat yaratmoqda.

Anjumanning ochilish marosimida onlayn ishtirok etgan O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri A. Inoyatov  yurtimizda tibbiyot sohasiga qaratilayotgan yuksak e’tibor natijasida Respublika ixtisoslashtirilgan ko‘z mikroxirurgiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi 2018-2023 yillarda 150 ta yuqori texnologik tibbiy uskuna bilan ta’minlanganini ta’kidladi.

Bugungi kunda markaz 45 milliard so‘mga yaqin qiymatdagi 230 ta zamonaviy tibbiy asbob-uskunaga ega bo‘ldi.

Muassasa oftalmologiya sohasi bo‘yicha Respublika aholisiga ixtisoslashgan tibbiy yordamni tashkil etishning muvofiqlashtiruvchi va uslubiy markazi hisoblanadi. Markazda ko‘z kasalliklari bo‘yicha nogironlikning asosiy sabablari bo‘lgan glaukoma, keksalik makulodistrofiyasi, diabetik retinopatiya, to‘r parda ko‘chishi kabi og‘ir va murakkab ko‘z kasalliklari profilaktikasi va erta aniqlash muammolari endi uskunalarga bog‘liq emas. Ammo bu texnologiyalarni viloyat, tuman va shaharlar bo‘yicha ta’minlanishiga erishilmasa va salohiyatli kadarlar tayyorlanmasa, bemorlarni to‘laqonli zamonaviy diagnostika va davolash standartlari asosida tekshirish, davolash imkoni bo‘lmaydi.

Shu maqsadda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yildagi “O‘zbekiston Respublikasida aholiga ko‘rsatilayotgan ixtisoslashtirilgan tibbiy yordamni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori sog‘liqni saqlash tizimini yanada rivojlantirish yo‘llarini belgilab berdi va har bir soha bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar, “yo‘l xaritalari” ishlab chiqilib, bugungi kunda amaliyotga tatbiq etilmoqda.

Shu jumladan, oftalmologiya sohasida ham tibbiy xizmat sifati yil sayin ortib bormoqda. Ayni paytda respublikada jami 49 turdagi oftalmologik kasallikni davolash bo‘yicha 172 turda tibbiy xizmatlar ko‘rsatiladi. Markazda jarrohlik faolligi 99,2 foizni tashkil etmoqda.

O‘tgan davr mobaynida markazning Xorazm, Termiz, Namangan filiallarida  fakoemulsifikatsiya, lazer jarrohliklari davolash usullari, optik kogerent tomografiya (OKT), ultratovushli biomikroskopiya (UBM) diagnostika usullari keng joriy qilindi. Samarqand, Qoraqalpog‘iston, Qarshi, Buxoro va Farg‘ona filiallarida ham fakoemulsifikatsiya, lazer jarrohliklari davolash usullari, optik kogerent tomografiya (OKT) diagnostika usuli, vitreoretinal, lazer jarrohliklari davolash usullari joriy etildi.

Anjumanda sohada qo‘lga kiritilgan yutuqlar tahlili bilan birgalikda bugungi kunda oftalmologiyaning dolzarb muammolari haqida o‘zaro fikr almashilmoqda. Xalqaro tajriba asosida sohani rivojlantirish bo‘yicha takliflar bildirilib, mutaxassislar hamkorlik aloqalarini rivojlantirish bo‘yicha kelgusi rejalar yuzasidan  o‘zaro fikrlashish imkoniyatiga ega bo‘lishmoqda.

O‘zbekiston oftalmologlarining uchinchi xalqaro kongressi 13 oktyabrda ham davom etadi.

G‘. Hasanov, A. Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari.