Tibbiyot xabarlari

Avval xabar berilganidek, 2-11 oktyabr kunlari yurtimiz O‘zbekiston – Ozarbayjon sog‘liqni saqlash dekadasiga mezbonlik qildi.

Ushbu dekada ikki mamlakat o‘rtasida tibbiyot sohasidagi hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga ko‘tardi. O‘n kun davom etgan mazkur aksiya orqali birinchi navbatda og‘ir xastaliklardan aziyat chekayotgan, murakkab operatsiyalarga ehtiyoji bor 100 dan ziyod bemorlarda kam invaziv usuldagi yuqori texnologik operatsiyalar bajarildi.

O‘zbekiston – Ozarbayjon sog‘liqni saqlash dekadasi doirasida yurtimizga mehmon bo‘lib kelgan Ozarbayjon sog‘liqni saqlash vaziri Teymur Musayev O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov hamrohligida poytaxtimizda joylashgan ozar xalqining umummilliy lideri Haydar Aliyev nomidagi bog‘ga tashrif buyurdi.

Shuningdek, dekada doirasida poytaxtimizda yirik xalqaro anjuman bo‘lib o‘tdi. Sog‘liqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan o‘tkazilgan ushbu tadbirda ikki mamlakatning sog‘liqni saqlash sohasi mas’ullari, olimlar va ekspertlar, Ozarbayjonning yetakchi xususiy tibbiyot markazlari hamda yirik farmatsevtik korxonalar vakillari, respublikamizdagi ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari, tibbiy oliy ta’lim muassasalari, hududiy tibbiyot maskanlari rahbarlari ishtirok etdi.

Tadbir avvalida Ozarbayjon xalqining umummilliy yetakchisi Haydar Aliyev tavalludining 100 yilligiga bag‘ishlangan hujjatli film namoyish qilindi.

Sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov O‘zbekiston – Ozarbayjon sog‘liqni saqlash dekadasi doirasidagi anjumandagi ma’ruzasida Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo davlatlarning tibbiyot yo‘nalishidagi diplomlari o‘zaro tan olinishi mumkinligini ta’kidladi.

Anjuman yakunida O‘zbekiston – Ozarbayjon sog‘liqni saqlash dekadasi doirasida o‘tkazilgan jarrohlik amaliyotlarida ishtirok etgan bir guruh ozarbayjonlik shifokorlar O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tashakkurnomalari bilan taqdirlandi.

***

 

Shuningdek, poytaxtimizda “Toshkentda kuzgi gepatologiya maktabi” xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi. Mazkur tadbir Sog‘liqni saqlash vazirligi, Virusologiya ilmiy-tadqiqot instituti, Respublika ixtisoslashtirilgan epidemiologiya, mikrobiologiya, yuqumli va parazitar kasalliklar ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, O‘zbekiston gepatologlar uyushmasi tomonidan o‘tkazildi.

***

Samarqand shahrida esa O‘zbekiston oftalmologlarining uchinchi xalqaro kongressi ish boshladi.  Unda Sog‘liqni saqlash vazirligi, Respublika ixtisoslashtirilgan ko‘z mikroxirurgiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi mas’ul xodimlari va yurtimiz tibbiyot muassasalari mutaxassislaridan tashqari, AQSH, Germaniya, Shveysariya, Ukraina, Turkiya, Rossiya, Hindiston, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Armaniston kabi mamlakatlardan 1500 dan ziyod oftalmologlar onlayn va oflayn tarzda ishtirok etmoqda.

Tadbir avvalida sog‘liqni saqlash vaziri anjuman qatnashchilariga videotabrik yo‘lladi. Mavzuga doir asosiy ma’ruzalardan so‘ng bir guruh ishtirokchilar taqdirlandi.

***

Buxoroda ham  yirik tadbir – “Shoshilinch tibbiy yordamni tashkil etishning dolzarb muammolari: hududlarda qo‘shma shikastlanishlar va o‘tkir yurak-qon tomir patologiyalarida yordam ko‘rsatish masalalari” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.

Unda ham Sog‘liqni saqlash vazirligi, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi, uning hududiy filial va bo‘limlari, tumanlararo qo‘shma shikastlanish va o‘tkir qon-tomir kasalliklari markazlari mas’ul xodimlari hamda qator xorijiy mamlakatlar mutaxassislari onlayn va oflayn ishtirok etdi.

Xususan, anjuman kun tartibidan AQSH, Germaniya, Italiya, Ruminiya, Polsha, Moldova, Rossiya, Turkiya, Xitoy, Ozarbayjon, Hindiston va O‘zbekistondan qatnashgan yetakchi ekspertlarning 90 dan ortiq ma’ruzalari tinglandi.

Qayd etilganidek, mamlakatimizda shakllangan shoshilinch tibbiy yordam xizmatining inson hayoti va salomatligini asrashdagi o‘rni nihoyatda muhim. Shu sababli yurtimizda ushbu sohani rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilyapti.

Xususan, shu yil boshidan buyon Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida 14 turdagi va uning hududlardagi 13 ta filialida 5 turdagi yangi jarrohlik va diagnostika usullari amaliyotga tatbiq qilindi.

Ma’ruzalarda ta’kidlanishicha, dunyoda qayd etilayotgan o‘lim holatlarining katta qismi yurak-qon tomir kasalliklari va ularning asoratlari bilan bog‘liq. Keyingi o‘rinni turli jarohatlarga tegishli omillar egallaydi.

Ana shu ikki guruhga mansub xastaliklar “oltin soat” oralig‘ida, zudlik bilan shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish hamda yuqori texnologiyali diagnostika va davolash usullaridan samarali foydalanishni taqozo etadi.

Biroq 2021 yilgacha bunday bemorlarga faqat viloyatlar markazlaridagina to‘laqonli tibbiy yordam ko‘rsatish imkoniyati mavjud edi.

Shundan kelib chiqqan holda, Prezidentimizning 2021 yil 26 iyuldagi “Aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam sifatini yanada yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

O‘tgan davrda ushbu hujjat ijrosi doirasida 39 ta tumanlararo qo‘shma shikastlanish va o‘tkir qon-tomir kasalliklari markazi tashkil etilib, ular 34 turdagi yuqori texnologiyali uskunalar bilan jihozlandi.

Tegishli tor soha mutaxassislari bilan ta’minlangan va 24 soat davomida uzluksiz faoliyat ko‘rsatuvchi bunday muassasalar faoliyati natijasida keyingi yillarda bemorlar orasida o‘lim darajasi 3-5 foizga kamaydi.

Yaqin kelajakda bu kabi markazlar soni yana 9 taga ko‘payishi kutilmoqda.

***

Ayni paytda O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov boshchiligidagi delegatsiya Germaniyada xizmat safarida bo‘lib turibdi.

Safar doirasida vakillarimiz Jahon sog‘liqni saqlash sammiti hamda Germaniya – Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo sog‘liqni saqlash forumida ishtirok etib, ma’ruza qilishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, Germaniya taraqqiyot banki, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati, “Sharite” klinikasi, “Aesculap“, “Heinemann Medizintechnik”, “Weinmann Emergency Medical Technology”, “Siemens Healthineers“ kompaniyalari, “Philips”ning Germaniyadagi vakolatxonasi, Frayburg va Manxaym universitetlari va boshqa qator muassasa, tashkilot va tibbiyot oliy o‘quv yurtlari rahbariyati bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, hamkorlik memorandumlari imzolanishi kutilmoqda.

 

Mohigul Qosimova tayyorladi,

O‘zA