Iftixor

Hozirgina bir insonni aeroportga kuzatib, “O‘zbekfilm”dagi xonamga kelib, ushbu fikrlarimni yozishga qaror qildim. Kuzatgan mehmonim – kechagi va bugungi dunyo, xususan, Yevropa kinosi, sanati, madaniyati, kerak bo‘lsa, jamiyatining qarashlarini o‘zgartirgan va o‘zgartirishga qodir san’atkor, jahondagi eng zalvorli kinofestivallardan biri hisoblangan Kann kinofestivalining 2 karra  haqiqiy “Oltin palma yaprog‘i” mukofoti sovrindori (jahonda undan ko‘proq hech kim olmagan), Venetsiya kinofestivalining “Oltin Sher” , “Berlin Ayig‘i”, Yevropaning  “Sezar” va yana o‘nlab  mukofotlar sohibi. Fransiya va Italiya Respublikalarining haqiqiy qahramoni EMIR KUSTURISA edi.

Endi bir boshidan boshlasam.

Men 2000 yilda u paytdagi Toshkent sanat institutining “Kino- televideniye rejissyorligi” bo‘limiga o‘qishga kirdim va ko‘z o‘ngimda yangi dunyo – sehrli kino olami ochila boshladi. Institutdagi ustozlarim Shuhrat Abbosov, Mahkam Muhamedov, Ulug‘bek Zufarov, Jo‘ra Teshaboyevlar meni ushbu ajib va sehrli dunyoga olib kira boshlashdi. Birlari sening aqling yetadi, Dostoyevskiyning “Telba”sini o‘qi, dedi va men ushbu asarga maftun bo‘lib adibning boshqa asarlarini ham o‘qib chiqdim. Birlari Emir Kusturitsaning “Andegraunt” filmini ko‘r, dedi va men bu filmga ham maftun bo‘lib, Kusturitsaning barcha filmlarini ko‘rib chiqqanman.

Bir kun kelib g‘oyibona ustozim deb bilganim – dovrug‘li rejissyorni Qozon kinofestivalida ko‘rishim mumkinligi xayolimning bir burchagiga ham kelmagan edi. Mehmonxona tamaddixonasida tungi  soat 3 gacha “Puankare” filmimni unga ko‘rsatishim, filmning unga juda yoqishi va meni o‘zining Yevropada bo‘ladigan kinofestivaliga rasmiy chaqirishi, uni Vatanimda bo‘layotgan 15- Toshkent xalqaro kinofestivaliga chaqirishim, Toshkent va Samarqandda 2 kun davomida u bilan birga dunyo kino sanatidagi oddiy masalalardan tortib, insoniyat uchun global muammolargacha bo‘lgan masalalar haqida suhbatlashib chiqishim, uni uyimda mehmon qilishim, u bilan Samarqand va Toshkentni tunda yayov sayr qilishimiz…

Ha, aynan shu sayrlarda, aniqrog‘i, tunda Toshkent – Sitini sayr qilayotganimizda, u bilan “Hilton” mehmonxonasidan aeroportgacha bo‘lgan ko‘chalardan ketar chog‘imizda sarlavhadagi so‘zlar bot-bot ko‘nglimga keldi.

Qozon kinofestivalidan qaytganimizdan keyin men uning prodyuseri Mirko Radinovich bilan Toshkentga kelishi to‘g‘risida bir necha bor suhbatlashganimda, “O‘zbekistonga kelsangiz, bizda u bor, bu bor…” deb rosa maqtamoqchi bo‘lsam, u menga: “Muzaffar, azizim, mening yoshim 62 da, Emirniki 69 da, bizni hayratga sololmaysan, biz hamma narsani ko‘rib bo‘lganmiz “ derdi. Lekin Allohning qudratini qarangki, Toshkentdagi tungi sayrda u va Emir o‘z hayratini yashirisholmasdi. “Toshkent Parijdan, Dubaydan ham zo‘r-ku!” –  deyishdan charchamasdi. Buyuk rejissyor keta-ketguncha shu gapni takrorlayverdi.

Vaholanki, Emir Kusturitsa shaxsini bilgan insonlar, yaxshi bilishadiki, bu insonni yolg‘on yoxud “majburlatib” gapirishga har qanday boylik, har qanday iltifot majbur qila olmaydi. Men boshida ularni videoga olib, bu gaplarga uncha e’tibor bermadim. Birdan aql-u shuurimga yarq etib o‘ylar kelishni boshladi. Endi ularning nigohi bilan Toshkentimizga nazar sola boshladim. Shunda men uyaldim, o‘z-o‘zimdan, o‘zimizdan uyaldim… Nahotki, o‘zgalar ko‘rayotgan, anglayotgan narsalarni biz ko‘rmayapmiz, biz anglamayapmiz.

Aziz yoshlar, Vatandoshlar! Ko‘zlarimizni kattaroq ochaylik, atrofimizda nimalar bo‘layotganini anglaylik. Axir, o‘zimiz yillar davomida havas qilayotgan o‘zga davlatlardan o‘zib ketgan joylarimiz ham bor ekan-ku. Nega shuni tushungimiz kelmaydi, nega o‘zgarishlar haqida bong urmaymiz, kimdir gapirishni boshlasa, maddohga chiqaramiz, nega haqiqatni tan olgimiz kelmaydi, nega hadeb noliyveramiz, nega kechamizga va bugunimizga boqmaymiz, nega faqat o‘z VATANIdagi  kamchiliklarni ko‘rayotgan kishilarni ”vatanparvar”ga chiqarib, u bilan kerak bo‘lsa, qo‘shilib ayb izlaymiz? Nega? Nega? Nega?..

Nahotki, ichimizda – qalbimizda yaxshilik nuri shunchalar kamayib ketgan bo‘lsa!?

Bu so‘zlarni ko‘zimda yosh, qalbimda og‘riq bilan yozdim. (Bu ham ayrimlarga mubolag‘a tuyular, mayli aytishganidek, “jinniga, jinniligini isbotlab bo‘lmaydi”.)

Bularni yozishga meni hech kim majbur qilmadi, balki shu o‘ylarimni o‘qigan INSON vijdonan atrofiga bir nazar tashlar, degan o‘yda yozdim.

Abdulla Oripov “Quyosh shahri” she’rida ta’riflaganidek:

...O‘zbekka maqtanish odatmas, garchand,

Bag‘rimni to‘lg‘azar ushbu kun g‘urur:

Toshkentu Buxoro, Xevoq, Samarqand,

Har biri jahonning bezagi bo‘lur….

Rahmat senga “Toshkent kinofestivali”! 

Rahmat sizga Emir!!

Rahmat Sizga Shavkat Miromonovich!!!

                                                                          Muzaffar Erkinov,

kinorejissyor