10–11 oktyabr kunlari Samarqandda notariat sohasiga bag‘ishlangan ikki bosqichdan iborat xalqaro konferensiya o‘tkazildi.

O‘zbekiston Notarial palatasi va Xalqaro notariuslar ittifoqi hamkorligida tashkil etilgan konferensiyalarda “Notariat sohasida jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish” hamda “Raqamlashtirish davrida notariatning o‘rni” mavzulari 40 ga yaqin mamlakat notariat tizimlari vakillari ishtirokida muhokama etildi.

Jumladan, notariatning raqamlashtirilishiga oid bugungi muhokamada ishtirokchilar o‘z faoliyati misolida tajribalari bilan o‘rtoqlashdi.

Ozarbayjon Respublikasi Adliya vazirligi mas’ul xodimi Zaur Gasanovning ta’kidlashicha, ushbu davlatda notariat elektron tizimini tashkil etish 2007 yilda boshlangan, ammo 2016 yilda “Mobil notariat” ishga tushirilgan.– Bu tizimning qulayligi shundaki, fuqaro uyda o‘tirib undan foydalanishi mumkin, – deydi Z.Gasanov. – Buning uchun u “Mobil notariat” ilovasini yuklab olib, sanoqli daqiqalarda hujjatni rasmiylashtirish, to‘lov qilish va olish harakatlarini amalga oshira oladi. Hozirda bu ilovaga 700 mingdan ziyod aholi ulangan va foydalanuvchilar soni kundan kunga oshib bormoqda. Shuningdek, bizda “Fastest” tezkor xizmati ishga tushirilgan. Ya’ni yirik shaharlarda o‘rnatilgan kabinalarga kirgan mijoz Adliya vazirligiga qo‘ng‘iroq qiladi. Qo‘ng‘iroqqa ulangan notarius fuqaroning murojaati bo‘yicha hujjatni tayyorlab, tasdiqlab beradi. Hujjatni rasmiylashtirish 5-10 daqiqa vaqt oladi. Hujjat notariat arxivida saqlanadi.

Rossiya Federatsiyasi Federal notarial palatasi prezidenti Konstantin Korsikning qayd etishicha, ushbu davlatda ham raqamli notariat loyihasi bir necha yildan buyon muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. “Bir darcha” tamoyili asosida xavfsiz va qulay tizim, ro‘yxatga olish idoralariga notariuslarning biriktirilishi, huquqiy hujjatlarning raqamli formatda tuzilishi va notariatning onlayn xizmat ko‘rsatishi – bularning barchasi Rossiya notariatining IT yo‘nalishidagi faoliyatining asosini tashkil etadi. Shu va boshqa qulayliklar tufayli bugun ushbu davlatda fuqarolar notarial xizmatdan masofadan turib ham foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.

Konferensiyada so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi vakili Ayubxon Yunusov bugungi kunda xorijdagi jismoniy va yuridik shaxslarga notarial xizmat ko‘rsatish vakolati notariuslar bilan birga O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalariga ham yuklatilganini ta’kidladi.

– Ayni paytda O‘zbekiston Respublikasi konsullari 15 turdagi notarial harakatlarni amalga oshiradi, – dedi A.Yunusov. – Ular tomonidan 2022 yilning o‘zida 12,5 mingdan ziyod notarial harakatlar amalga oshirildi. Joriy yilning birinchi yarmida esa bu raqam 6700 dan ortiqni tashkil etmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bilan Notarial palata o‘rtasida memorandum imzolangan va bundan ko‘zlangan asosiy maqsad konsullar tomonidan xorijda vaqtincha yashayotgan hamyurtlarimizga ko‘rsatilayotgan notarial xizmatlarning sifatini oshirishdan iborat.

Litva notarial palatasi prezidumi a’zosi Dainius Palaymaning qayd etishicha, 2021 yil 1 iyuldan joriy yilning 1 sentyabriga qadar 40 mingdan ortiq masofaviy notarial harakatlar elektron tizim orqali amalga oshirilgan. Hozirda oyiga o‘rtacha to‘rt mingga yaqin masofaviy notarial harakatlar bajariladi. Bunda mulkni begonalashtirish va garovga qo‘yish bo‘yicha bitimlar eng ko‘p, ikkinchi o‘rinda ishonchnomalar va merosga oid ishlarni rasmiylashtirish turadi.

– Bizda ham raqamlashtirishga juda katta e’tibor berilmoqda, shu bilan birga ehtiyotkorona yondashyapmiz, – deydi Vengriya notarial palatasining xalqaro aloqalar bo‘yicha direktori Tamas Sajben. –Raqamlashtirish jarayonida “raqamli o‘lim”, “raqamli meros” kabi jumlalar paydo bo‘ladi. Virtual hayotda siz o‘zingizning ikkinchi hayotingizni yashab, elektron hamyondan foydalanib, hayot kechirishingiz mumkin. Bu o‘rinda fuqarolarning virtual hayotdagi shaxsiy ma’lumotlari, xususiy mulki, intellektual mulkini himoya qilish masalasi kelib chiqadi. Raqamli merosni fuqaro o‘z avlodiga meros qilib qoldirishi mumkin. Biz O‘zbekistondagi singari fuqarolik kodeksi asosida ishlaymiz.

Konferensiya doirasida ishtirokchilar Samarqanddagi tarixiy-madaniy yorgorliklar va boshqa diqqatga sazovor joylar bilan yaqindan tanishdi.

G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat),

O‘zA muxbirlari