Huquqiy munosabat

Qonunchilikka ko‘ra, ikki yoki undan ortiq jismoniy shaxsning birgalikdagi ijodiy mehnati natijasida yaratilgan asarga bo‘lgan mualliflik huquqi, mazkur asar bo‘linmas bir butun yoki har biri ham mustaqil mazmunga ega qismlardan iborat ekanligidan qat’i nazar, hammualliflarga birgalikda tegishli bo‘ladi. Xo‘sh, bunday asarlarga mualliflik huquqi qanday bo‘linadi? Toshkent davlat yuridik universiteti Yuridik klinikasi xodimi Javohir Eshonqulov bu borada batafsil ma’lumot berdi.

– Hammualliflarning har biri, agar ular o‘rtasidagi kelishuvda boshqacha qoida nazarda tutilgan bo‘lmasa, asarning o‘zi yaratgan, mustaqil mazmunga ega bo‘lgan qismidan o‘z xohishiga ko‘ra foydalanishga haqlidir. Hammualliflar o‘rtasidagi munosabatlar, qoida tariqasida, kelishuv asosida belgilanadi. Bunday kelishuv bo‘lmagan taqdirda, asarga bo‘lgan mualliflik huquqi barcha mualliflar tomonidan birgalikda amalga oshiriladi, mualliflik haqi esa ular o‘rtasida teng taqsimlanadi.

Hammualliflarning asari bo‘linmas bir butunni tashkil etsa, asardan foydalanishni yetarli asoslar bo‘lmay turib, taqiqlab qo‘yishga hammualliflardan hech biri haqli emas.

– Hammualliflikda yaratilgan asarlar qancha muddatga amal qiladi?

– O‘zbekiston Respublikasining “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida” gi qonunning 35-moddasiga asosan hammualliflikda yaratilgan asarga bo‘lgan mualliflik huquqi hammualliflarning butun hayoti davomida va hammualliflar orasida eng uzoq umr ko‘rgan oxirgi shaxs vafot etganidan keyin yetmish yil davomida amal qiladi.

– Mualliflik huquqining muhofaza belgilari qanday?

– Yuqorida keltirilgan qonunning 11-moddasiga asosan mutlaq mualliflik huquqlari egasi o‘z huquqlaridan xabardor qilish uchun mualliflik huquqining muhofaza belgisidan foydalanishi mumkin bo‘lib, bu belgi asarning har bir nusxasida aks ettiriladi va quyidagi uch unsurdan iborat bo‘ladi.

Jumladan, aylana ichidagi “S” harfi, mutlaq mualliflik huquqlari egasining ismi-sharifi (nomi), asar birinchi marta chop etilgan yil.

Mualliflik huquqining muhofaza belgisida ko‘rsatilgan shaxs, agar boshqacha hol isbotlangan bo‘lmasa, mutlaq mualliflik huquqlari egasi hisoblanadi.

– Qanday asarlar mualliflik huquqi ob’ektlari bo‘ladi? 

– O‘zbekiston Respublikasining “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida” gi qonunning 6-moddasiga asosan quyidagilar mualliflik huquqi obektlaridir.

Xususan, adabiy asarlar, drama va ssenariy asarlari, matnli yoki matnsiz musiqa asarlari, musiqali drama asarlari, xoreografiya asarlari va pantomimalar, audiovizual asarlar, manzarali-amaliy va sahna bezagi san’ati asarlari, arxitektura, shaharsozlik va bog‘-park barpo etish sa’ati asarlari, fotografiya asarlari va fotografiyaga o‘xshash usullarda yaratilgan asarlar, jo‘g‘rofiya, geologiya xaritalari va boshqa xaritalar, jo‘g‘rofiya, topografiya va boshqa fanlarga taalluqli tarhlar, eskizlar va asarlar, barcha turdagi EHM uchun dasturlar, shu jumladan har qanday dasturlash tilida va har qanday shaklda, chunonchi boshlang‘ich matn hamda ob’ekt kodida ifodalanishi mumkin bo‘lgan amaliy dasturlar va operatsiya tizimlari.

– Qanday materiallar mualliflik huquqi ob’ektlari hisoblanmaydi? 

– Yuqorida keltirilgan qonunning 8-moddasiga asosan quyidagilar mualliflik huquqi ob’ektlari bo‘lmaydi. Jumladan, rasmiy hujjatlar, shuningdek, ularning rasmiy tarjimalari, rasmiy ramzlar va belgilar, xalq ijodiyoti asarlari, oddiy matbuot axboroti tusidagi kundalik yangiliklarga doir yoki joriy voqealar haqidagi xabarlar, insonning bevosita individual asar yaratishga qaratilgan ijodiy faoliyati amalga oshirilmasdan, muayyan turdagi ishlab chiqarish uchun mo‘ljallangan texnika vositalari yordamida olingan natijalar.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA