O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida O‘zbekiston Qahramoni, shoir Ibroyim Yusupov tavalludiga bag‘ishlab kitoblar ko‘rgazmasi va ijodiy kecha tashkil etildi.
Unda Yozuvchilar uyushmasi vakillari, yosh qalamkashlar, adabiyotshunoslar va talabalar ishtirok etdi.
Shoirning “Mening yigit vaqtim, sening qiz vaqting” she’ri asosida kuylangan qo‘shiq yetib bormagan xonadon bo‘lmasa kerak. Qoraqalpoq elining suyukli farzandi Ibroyim Yusupovning “Baxt lirikasi”, “O‘ylar”, “Yetti navo”, “To‘maris”, “Har kimning o‘z zamoni bor” kabi she’riy to‘plamlari kitobxonlar o‘rtasida mashhur.
Shoir ko‘plab qardosh xalqlar va jahon adabiyoti mumtoz shoirlari asarlarini mahorat bilan qoraqalpoq tiliga tarjima qilgan.
Ko‘plab doston, pyesa, maqolalar muallifi bo‘lgan shoir “El-yurt hurmati”, “Do‘stlik” ordenlari va 2004 yilda “O‘zbekiston Qahramoni” oliy unvoniga loyiq ko‘rildi.
Tadbir so‘nggida shoir she’rlaridan namunalar o‘qildi va jonli ijroda qo‘shiqlar kuylandi.