O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2022 yil 20 dekabr kuni Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatida “Bizning ezgu maqsadimiz – birgalikdagi mehnatimiz bilan Yangi O‘zbekistonda har tomonlama rivojlangan, obod va farovon Yangi Qoraqalpog‘istonni bunyod etishdir”, deb ta’kidlab o‘tgan edi.

– Darhaqiqat, davlatimiz rahbarining tashabbusi va rahbarligida so‘nggi yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan har tomonlama rivojlantirish, aholi turmush sharoitini yaxshilash va farovonligini oshirish, qulay biznes muhitini yaratish va tadbirkorlarga sharoit yaratib berish, shuningdek, Orolbo‘yi mintaqasini ekologik va gumanitar inqiroz yuz berayotgan hududdan ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududiga aylantirish maqsadida keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Botir Matmuratov. – Bu borada keyingi yillarda Prezidentimizning bir qator farmon va qarorlari qabul qilindi. Ushbu hujjatlarning barchasi murakkab ekologik vaziyatda yashab kelayotgan aholining turmush sharoitini yaxshilashga, ularning bugungi kundan rozi bo‘lishiga xizmat qilmoqda.

Prezidentimizning tashabbusi asosida BMT Bosh Assambleyasining 2021 yil 18 maydagi 75-sessiyasida qabul qilingan “Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb e’lon qilish to‘g‘risida”gi maxsus rezolyutsiyasida belgilangan ustuvor vazifalarning ijrosini ta’minlash maqsadida davlatimiz rahbarining 2021 yil 29 iyuldagi “Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 2021 yil 18 maydagi “Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb e’lon qilish to‘g‘risida”gi maxsus rezolyutsiyasini amalga oshirish choralari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Ushbu qaror bilan Orolbo‘yi mintaqasiga iqtisodiyot tarmoqlarida resurs tejovchi va yuqori samaraga ega zamonaviy innovatsion texnologiyalarni keng tatbiq qilish, ekologik barqarorlikni ta’minlash, ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish va ilmiy-innovatsion ishlanmalarni amaliyotga joriy qilish, shuningdek, xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga bog‘liq 2021–2024 yillarda amalga oshirilishi belgilangan 7 ta yo‘nalishdagi 71 ta tadbirdan iborat “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi. Buning uchun turli manbalardan 312 milliard so‘m, 22,2 million AQSH dollari, 6 million yevroga teng mablag‘ sarflanishi belgilandi. Shu bilan birga, qaror bilan maxsus rezolyutsiyada belgilangan vazifalarni amalga oshirish uchun 2021–2024 yillarda bajarilishi rejalashtirilgan 65 ta ustuvor innovatsion loyiha tasdiqlandi. Ushbu loyihalar uchun turli manbalardan 1,9 trillion so‘mga teng mablag‘ sarf etilishi natijasida 4 ming 500 ta ish o‘rni yaratilishi belgilandi.

2022 yilning 31 avgustida “Qoraqalpog‘iston Respublikasida tadbirkorlik, innovatsion texnologiyalar va infratuzilmalarni jadal sur’atlarda rivojlantirish orqali aholi farovonligini oshirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan hududning investitsiya va ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, yoshlar bandligini ta’minlash yo‘nalishi doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasining barcha tumanlarida joylashgan va shu hududlarda faoliyat yuritadigan tadbirkorlik sub’ektlariga bir qator imtiyozlar berildi.

Jumladan, 2023 yil 1 yanvardan 2028 yil 1 yanvarga qadar bo‘lgan davrda foyda solig‘i, aylanmadan olinadigan soliq, yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq va yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i bo‘yicha soliq stavkalari 50 foizga kamaytirilgan holda ijtimoiy soliq kamaytirilib, 1 foiz miqdoridagi soliq stavkasida, yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan to‘lanayotgan ijtimoiy soliq shaharlar hududida faoliyat yuritayotganlar uchun 12 baravarga, tumanlar hududida faoliyat yuritayotganlar uchun 6 baravarga kamaytirilib, yiliga bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida soliq imtiyozi belgilandi.

Shuningdek, yosh tadbirkorlarga ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish uchun zarur asbob-uskunalarni xarid qilish maqsadida to‘g‘ridan-to‘g‘ri Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi orqali 7 yil muddatga qarz mablag‘i taqdim etish belgilandi.

Joriy yilning 2 fevral kuni davlatimiz rahbarining “Orolbo‘yi mintaqasini barqaror rivojlantirish bo‘yicha ishlarning samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga asosan, Qoraqalpog‘iston Respublikasida o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida aniqlangan sharoiti og‘ir oilalar va fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash hamda ovul va mahallalar infratuzilmasini rivojlantirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Qoraqalpog‘iston Respublikasi aholisi uchun munosib turmush sharoitlarini yaratish va mahallalar infratuzilmasini yanada yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Ushbu qarorga muvofiq, Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi barcha ovul va qishloqlardagi aholi turar joylari hamda ichki yo‘llar holati bo‘yicha o‘tkazilgan xatlovda aniqlangan, og‘ir turmush sharoitidagi oilalarga tegishli 21 ming 94 ta uy-joyning tom qismini ta’mirlash hamda 709 ta yashash uchun yaroqsiz uy-joyni yangidan qurish, shuningdek, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga biriktirilmagan Amudaryo, Beruniy, Ellikqal’a va To‘rtko‘l tumanlaridagi 2 ming kilometr tuproq yo‘lga qum-shag‘al yotqizish belgilandi.

Qayd etish kerakki, hukumat komissiyasi yig‘ilishining bayoniga asosan viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari biriktirilgan Nukus shahri, Bo‘zatov, Qorao‘zak, Kegeyli, Qo‘ng‘irot, Qonliko‘l, Mo‘ynoq, Nukus, Taxiatosh, Taxtako‘pir, Xo‘jayli, Chimboy, Shumanay tumanlaridagi qurilish-ta’mirlash va obodonlashtirish ishlari viloyatlarning va Toshkent shahrining mahalliy byudjeti hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasining byudjeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilishi belgilandi.

Bundan tashqari, Qoraqalpog‘iston Respublikasining janubiy tumanlariga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 6 sentyabrdagi “Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, qulay biznes muhitini yaratish, innovatsion texnologiyalarni joriy etish va infratuzilmalar bilan ta’minlanganlik darajasini yanada yaxshilash orqali aholi farovonligini oshirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida 123 kilometr tuproq yo‘lga qum-shag‘al yotqizish uchun joriy yilning o‘zida 15 milliard so‘m mablag‘ ajratildi. Shuningdek, Prezidentimizning 2022 yil 30 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining “2023 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonuni ijrosini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida ichki xo‘jalik yo‘llarini ta’mirlash uchun 2023 yilda 12 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirildi.

Mazkur qaror doirasida amalga oshiriladigan qurilish-ta’mirlash va obodonlashtirish ishlari bo‘yicha buyurtmachi etib, Nukus shahri va shimoliy tumanlardagi og‘ir turmush sharoitidagi oilalarga tegishli uylarning tom qismini ta’mirlash va avariya holatidagi uylarni yangidan qurish ishlari bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati” IK DUK va janubiy tumanlardagi ishlar bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati” IK DUK belgilandi. Janubiy tumanlardagi 2 ming kilometr tuproq yo‘llarga qum-shag‘al yotqizish ishlari Amudaryo, Beruniy, To‘rtko‘l va Ellikqal’a tumanlari hokimliklarining Obodonlashtirish boshqarmalariga topshirildi.

Amalga oshirilayotgan barcha ezgu ishlar hudud aholisi uchun munosib turmush sharoitini yaratish, mahallalar infratuzilmasini yanada yaxshilash, buning natijasida xalqning farovon turmush kechirishi uchun barcha imkoniyatni yaratib berishdan iboratdir.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA muxbiri