2023 yil 29 sentyabrdagi 516-son Hukumat qarori bilan “Kollej va texnikumlarda qurilish, transport, kommunal, qishloq xo‘jaligi va xizmat ko‘rsatish sohalaridagi kasb (mutaxassislik) bo‘yicha ta’lim olayotgan xotin-qizlarning to‘liq davlat granti asosida ta’lim olish tartibi to‘g‘risida”gi nizom qabul qilindi.

Nizomga ko‘ra, kollej va texnikumlarga o‘qishga qabul qilingan xotin-qizlar uchun talab etiladigan davlat granti mablag‘lari respublika byudjetidan byudjet mablag‘larini taqsimlovchi sifatida tizimida kollej va texnikumlar bo‘lgan tegishli vazirlik va idoralarga ajratiladi.

Kollej va texnikumlarga tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilingan xotin-qizlar o‘quv yilining 10 oktyabriga qadar ushbu kollej yoki texnikum direktori nomiga davlat granti asosida o‘qish uchun ariza bilan murojaat qiladi.

Arizalar taalluqliligi bo‘yicha kollej va texnikumlar tomonidan 3 ish kunida ko‘rib chiqiladi hamda umumlashtirilgan holda hududlardagi oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar boshqarmalariga taqdim etiladi.

Hududiy bo‘linmalar har yili 15 oktyabrgacha umumlashtirilgan ma’lumotlarni ko‘rib chiqadi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga yuboradi.

Vazirlik har yili 20 oktyabrgacha umumlashtirilgan ma’lumotlar asosida davlat granti asosida o‘qish uchun ariza bilan murojaat qilgan xotin-qizlar ro‘yxatini taalluqliligi bo‘yicha tizimida kollej va texnikumlar bo‘lgan vazirlik va idoralarga taqdim etadi.

Vazirlik va idoralar mazkur ro‘yxat asosida xotin-qizlarning davlat granti asosida ta’lim olishlari uchun zarur mablag‘ ajratish yuzasidan har yili 25 oktyabrgacha Iqtisodiyot va moliya vazirligiga murojaat qiladi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi 5 ish kuni ichida tegishli mablag‘larni mazkur vazirlik va idoralarga ajratadi.

Kollej va texnikumlar direktorlari 2023/2024 o‘quv yilidan davlat granti asosida ta’lim oladigan xotin-qizlar uchun Davlat byudjetidan ajratiladigan mablag‘larning maqsadli va samarali sarflanishi uchun shaxsan javobgar hisoblanadi.

Sh.Mamaturopova, O‘zA