Har bir sohaga yo‘naltirilgan davlat byudjeti mablag‘larining samarali sarflanishi kutilgan natijalarga erishishda muhim omildir. Davlat byudjeti mablag‘lari doirasida qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida ham muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Davlatimiz rahbarining 2023 yil 11 sentyabrdagi tegishli qaroriga asosan 2024 yilda 5 ta shahar, 48 ta shaharcha hamda 116 ta qishloq aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish belgilangan.

Mazkur ishlarni amalga oshirish uchun joriy yilda davlat byudjetidan 172,5 mlrd. so‘m mablag‘ ajratilishi rejalashtirilgan bo‘lib, o‘tgan birinchi chorak davomida aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish dasturi doirasida 51,8 mlrd. so‘m o‘zlashtirilgan. Jumladan, 20 ta texnik-normativ hujjatlarni qayta ko‘rib chiqish va ishlab chiqilishi rejalashtirilgan. 2024 yil 1 aprel holatiga ko‘ra, milliy shaharsozlik normalari va qoidalarini xalqaro normativ va standartlarga uyg‘unlashtirish (moslashtirish) ishlari doirasida 29 ta texnik-normativ hujjat qayta ko‘rib chiqilgan.

Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Sanoat, qurilish va savdo masalalari qo‘mitasi hamda Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasining kengaytirilgan qo‘shma yig‘ilishida aytib o‘tildi. Unda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining “2024 yilning birinchi choragida O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining bajarilishi holati yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida”gi axboroti eshitildi.

Vazirlik axborotida keltirilganidek, O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida issiqlik ta’minoti tizimini rivojlantirish uchun 2024 yilda 287,5 mlrd. so‘m mablag‘ hisobidan yildan-yilga o‘tuvchi 11 ta va yangidan boshlanuvchi 4 ta, jami 15 ta loyihani amalga oshirish belgilangan. Hisobot davrida ushbu dastur doirasida 46,7 mlrd. so‘m miqdorda mablag‘lar moliyalashtirilgan.

Muhokamalar davomida deputatlar sohadagi ishlarni tanqidiy tahlil qilgan holda bir qator takliflar bildirdi. Davlat byudjetining maqsadli sarflanishiga alohida e’tibor qaratish, ajratilgan mablag‘lardan o‘z vaqtida samarali foydalanish lozimligini ta’kidladi.

 

M.Komilova,

O‘zA