Toshkent shahrida O‘zbekiston raisligida Shanxay Hamkorlik Tashkiloti (SHHT)ga a’zo davlatlar Oliy sudlari raislarining o‘n to‘qqizinchi yig‘ilishi o‘tkazilmoqda.

Unda Hindiston, Eron, Qozog‘iston, Xitoy, Qirg‘iziston, Pokiston, Rossiya, Tojikiston davlatlari Oliy sudlari delegatsiyalari ishtirok etmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi Baxtiyor Islomov mazkur mamalakatlar delegatsiyalari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.

Jumladan, Hindiston Respublikasi Oliy sudi raisi Dxanandjaya Yeshvant Chandrachud bilan uchrashuvda sud-huquq sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida ma’lumot berildi.

Taraflar o‘zaro manfaatli masalalarni muhokama qilib, SHHT doirasida ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari xususida fikr almashdi. Xususan, sud-huquq sohasida tajriba va ma’lumot almashinuvi, sud tizimida axborot–kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish masalalari muhokama etildi. Tomonlar ikki mamlakat Oliy sudlari o‘rtasida hamkorlik aloqalarini yanada takomillashtirish yuzasidan kelishib oldi.

***

Tojikiston Respublikasi Oliy sudi raisi Shermuhammad Shohiyon bilan uchrashuvda mehmon odil sudlov samaradorligini ta’minlash, shuningdek, sudyalar hamjamiyati rolini oshirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar bilan tanishtirildi.

Konstruktiv muloqot davomida tomonlar ikki mamlakat oliy sud organlari o‘rtasidagi o‘zaro huquqiy hamkorlik masalalarini, shuningdek, aloqalarni yanada rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishlarini muhokama qildi. Sud tizimini takomillashtirish sohasida tajriba almashinuvi orqali faol hamkorlik qilishga tayyor ekanliklarini bildirdi.

***

Xitoy Xalq Respublikasi Oliy xalq sudi raisi Chjan Szyun bilan uchrashuvda ikki mamlakat Oliy sudlari o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlarni mustahkamlashga qaratilgan muloqot davomida taraflar sud-huquq sohasida samarali idoralararo hamkorlik uchun mavjud salohiyat va imkoniyatlar yaratilganiga alohida e’tibor berdi. O‘zaro hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Xususan, sudlarning ixtisoslashuvi, sud tizimida zamonaviy axborot texnologiyalari va innovatsion usullarni joriy qilish va shu kabi boshqa dolzarb masalalar muhokama etildi. Uchrashuv yakunida tomonlar o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum imzolandi.

***

Qozog‘iston Respublikasi Oliy sudi raisi Aslambek Mergaliyev bilan uchrashuvda O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli va keng ko‘lamli hamkorlik barcha yo‘nalishda, jumladan, sud-huquq sohasida ham rivojlanib borayotgani ta’kidlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi va Qozog‘iston Respublikasi Oliy sudi o‘rtasida 2017 yilda Hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolangan bo‘lib, uning doirasida sud tizimini inson huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishning muhim instituti sifatida takomillashtirishni ilmiy-tahliliy hamda axborot jihatidan ta’minlash orqali sud islohotlarini amalga oshirishga ko‘maklashish bilan bog‘liq tadbirlar ko‘zda tutilgan. Ayni paytda mazkur hujjat ikki mamlakat sud hokimiyati oliy organlari o‘rtasida hamkorlik va o‘zaro anglashuvning huquqiy asoslarini mustahkamlash, qonun ustuvorligini ta’minlash bo‘yicha sa’y-harakatlar samaradorligini oshirishga xizmat qilib kelmoqda.

***

Rossiya Federatsiyasi Oliy sudi raisi Irina Podnosova bilan uchrashuvda O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli va keng ko‘lamli hamkorlik barcha yo‘nalishda, jumladan, sud-huquq sohasida ham rivojlanib borayotgani ta’kidlandi.

2018 yilda imzolangan Hamkorlik to‘g‘risida memorandum doirasida sud tizimini inson huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishning muhim instituti sifatida takomillashtirishga qaratilgan ishlar amalga oshirildi. Mazkur hujjat ikki mamlakat sud hokimiyati oliy organlari o‘rtasida hamkorlik va o‘zaro anglashuvning huquqiy asoslarini mustahkamlash, qonun ustuvorligini ta’minlash bo‘yicha sa’y-harakatlar samaradorligini oshirishga xizmat qilib kelmoqda.

***

Qirg‘iz Respublikasi Oliy sudi raisi Zamirbek Bazarbekov bilan uchrashuvda tomonlar sud tizimini takomillashtirish, sud hokimiyatining roli va obro‘-e’tiborini mustahkamlash hamda sudlarning mustaqilligini ta’minlash, sudyalarni tayyorlash va sudlar faoliyatiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish kabi masalalar yuzasidan fikr almashdi.

Muloqot mobaynida ikki davlat Oliy sudlari o‘rtasida muntazam ravishda huquqiy axborot almashishni amalga oshirish va o‘zaro manfaatlarni ifodalovchi boshqa masalalar bo‘yicha maslahatlashuvlar o‘tkazishga kelishib olindi. Ikki mamlakat Oliy sudlarining o‘zaro manfaatlarini ifodalovchi sohalardagi hamkorlik va aloqalarning huquqiy asoslarini belgilab beradigan hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolandi.

***  

Eron Islom Respublikasi Sud hokimiyati raisining o‘rinbosari Kozim G‘aribobodiy boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuvda Prezident Ibrohim Raisiy va unga hamrohlik qilgan shaxslarning fojiali halok bo‘lgani munosabati bilan chuqur hamdardlik bildirildi.

Konstruktiv muloqot davomida taraflar ikki mamlakat sud idoralari o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, aloqalarni yanada rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishlarini muhokama qildi.

***

Pokiston Islom Respublikasi Oliy sudi raisi Kazi Fayez Isa bilan uchrashuvda ikki davlat Oliy sudlarining o‘zaro ishonch va sheriklikka asoslangan amaliy hamkorligini yanada kengaytirish va mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi.

Konstruktiv va do‘stona ruhda o‘tgan uchrashuvda tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar yuzasidan ham o‘zaro fikr almashildi.

 

N.Abduraimova,

O‘zA