Farmatsevtika tarmog‘ining investitsiyaviy jozibadorligini yanada oshirish zamon talabi. Donor qonidan dori vositalarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, farmakologik vositalar va dori vositalarining klinik tadqiqotlarini o‘tkazish tartibini takomillashtirish maqsadida tarmoqdagi ayrim cheklovlarni bekor qilish zarurati ham bor.

Shuningdek, dori vositalarini va farmatsevtika mahsulotlarini ro‘yxatdan o‘tkazish shartlarini qayta ko‘rib chiqish ham zarur. Shu maqsadda “Farmatsevtika faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ishlab chiqilgan.

Senatning qirq beshinchi yalpi majlisida muhokama qilingan mazkur qonun yuzasidan Senat Raisi Tanzila Norboyeva o‘z munosabatini bildirib, aholining dori vositalariga bo‘lgan ehtiyoji, ayniqsa, sifatli qon komponentlariga bo‘lgan talab yildan-yilga ortib borayotganini ta’kidladi. Tibbiyotimiz rivojlanib, murakkab jarrohlik, xususan, noyob transplantatsiya amaliyotlari mamlakatimizning o‘zida amalga oshirilmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, qon va uning tarkibiy qismlarini to‘plash, tayyorlash va qayta ishlash hajmlarini oshirishni taqozo etishi tabiiy. Birgina misol, SSV ma’lumotiga ko‘ra bugun bitta jigar transplantatsiyasi uchun 30 litrgacha qon plazmasi zarur bo‘lar ekan.

– Qonun bilan donor qoni va uning tarkibiy qismlarini to‘plash, tayyorlash va qayta ishlashni xususiy tartibda amalga oshirishga bo‘lgan taqiq bekor qilinayotgani, ya’ni ushbu soha davlat monopoliyasidan chiqarilayotgani nihoyatda muhim, – dedi T.Norboyeva. – Biroq, shuni ham aytish kerak, qon va uning tarkibiy qismlarini to‘plash, tayyorlashning qat’iy va o‘zgarmas maxsus standartlari bo‘lishi shart. Zotan, bu oddiy ish emas. Ayniqsa, bugungi kunda qon bilan yuqadigan turli kasalliklarning mavjudligi bu borada nihoyatda katta mas’uliyat, yuksak malaka va sinchkovlikni talab qiladi. Sohaga xususiy sektorni jalb qilishda aynan ana shu jihatlarga ham e’tiborni kuchaytirish zarur. SSV bu borada zarur choralar ko‘rilishini ta’minlashi shart. Boisi belgilanayotgan mazkur normalarning tag zamirida inson salomatligi turganini unutmaslik kerak.

Senatorlar ma’qullagan qonun qon preparatlariga bo‘lgan ehtiyojni mahalliy ishlab chiqarish hisobidan qoplashga, dori vositalarining yangi turlari ishlab chiqarilishini ta’minlashga xizmat qiladi.

N.Abduraimova, O‘zA