Biz hozir global raqamli dunyoda – atrof internet, media va inson ongiga bemalol kirib boruvchi kuchli texnologiyalar bilan to‘lgan zamonda yashayapmiz. Bu xatarni to‘g‘ri qabul qilishimiz va tabiiyki, yoshlar ongini muhofaza qilish choralari ham shunga munosib bo‘lishi kerak.

Sababi yoshlarimiz orasidan 5 karra jahon chempionini yengib, dunyoning eng yosh shaxmat qiroliga aylangan Nodirbek Abdusattorovdek yoshlarimiz yoki vaqtining aksariyat qismini Tik-Tokda o‘tkazayotgan yoxud chekish, ichkilik, behayo narsalarga berilib ketayotgan yoshlar ham chiqib qolyapti.

Aholining yarmidan ko‘pini yoshlar tashkil qiladigan bizning kabi mamlakatlarda milliy qadriyatlar asosida yoshlar ongini shakllantirish hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Axir, bir necha yildan so‘ng ular katta hayotga qadam qo‘yib, kelgusida jamiyatimizning qaysi tarafga o‘zgarishini belgilab beradi. To‘g‘ri tarbiya topgan avlodni esa Vatanga daxldorlik, birlik, mas’uliyat kabi tuyg‘ular jipslashtiradi. Vatanparvarlik hissi va fuqarolik mas’uliyati har kimning bilimi, qadriyatlari, his-tuyg‘ulari, xulq-atvorida namoyon bo‘ladi.

Yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning huquqiy savodxonligini oshirish mamlakatimizda olib borilayotgan yoshlar siyosatining asosiy maqsadlaridan biridir. Ushbu yo‘nalishda bir qator tizimli ishlar olib borilmoqda.

Jumladan, Yoshlar ishlari agentligi va yana bir qator tegishli tashkilotlar hamkorligida yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning mafkuraviy bilimlarini yuksaltirish maqsadida “Amir Temur izdoshlari” harbiy-vatanparvarlik spartakiadasi o‘tkazildi. Uning doirasida “Yosh chegarachilar” harbiy-vatanparvarlik musobaqasi, “Yoshlar va qonun” huquqiy tanlovi, “Yosh qutqaruvchi” musobaqasi, “To‘maris izdoshlari” tanlovi, “Shunqorlar” mucobaqasining “maktab – tuman (shahar) – viloyat – respublika” bosqichlari tashkil etilib, 1 millionga yaqin yoshlar ishtirok etdi.

Davlatimiz rahbari raisligida joriy yil 13 yanvar kuni Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida berilgan topshiriqlar va ko‘rsatmalardan kelib chiqib, respublika miqyosida barcha hududlarda har chorakda 10 kunlik maxsus dastur asosida “Jasorat maktabi” harbiy-vatanparvarlik yig‘inlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Bugungi kunga qadar respublika miqyosida jami 32 marotaba harbiy-o‘quv yig‘inlari o‘tkazilib, ular doirasida 3 ming 78 nafar xulq-atvori og‘ir bo‘lgan yoshlar sog‘lomlashtirildi, ularning bandligi ta’minlandi.

Xususan, Namangan viloyati Yangiqo‘rg‘on tumani Gaznon mahallasida yashovchi Asadbek Umaraliyev ko‘chada ishsiz bo‘lgan. Mayda bezorilik qilib, ichki ishlar organlarining profilaktik hisobiga olingan.

Namangan viloyatidagi harbiy qismda tashkil etilgan “Jasorat maktabi” loyihasiga jalb etilishi natijasida u to‘g‘ri yo‘lga kirdi. Mahallada haqiqiy lider bo‘ldi, Gaznon mahallasining yoshlar yetakchisi lavozimigacha tayinlandi. Shuningdek, Namangan davlat universitetining sport fakultetiga o‘qishga kirdi.

Jizzax viloyati Zafarobod tumani Cho‘luguluston mahallasida yashovchi Sunnatbek Ochilov jinoyatga moyil yoshlar toifasida bo‘lgan. 2022 yil Jizzax viloyati garnizonida o‘tkazilgan “Jasorat maktabi”ning uchinchi mavsumida ishtirok etgan. Yosh tadbirkorlar guruhida tahsil olib, yig‘indan so‘ng Mikrokreditbankdan 33 million so‘m imtiyozli kredit olgan. Hozirda tumandagi IT markazini tashkil etdi va o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘yib, bandligi ta’minlandi.

Yoshlar ishlari agentligi tomonidan Mudofaa vazirligi, Milliy gvardiya, Ichki ishlar vazirligi hamda qator vazirlik, idoralar hamkorligida Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi “Yoshlar oromgohi”da 7 kunlik alohida dastur asosida “Vatanparvarlar” tarbiya va sport-sog‘lomlashtirish oromgohini tashkil etish yo‘lga qo‘yildi.

Joriy yilning iyun oyida oromgohga start berilib, bugungi kunga qadar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Buxoro, Jizzax, Navoiy viloyati, Samarqand viloyatidan kelgan 1 ming 200 nafar yoshga alohida dastur asosida mashg‘ulot, trening va seminarlar o‘tkazildi.

Yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning huquqiy savodxonligini oshirish hozir o‘ta muhim vazifalardan biridir. Yoshlar ta’lim, ilm-fan, sport, madaniyat va boshqa sohalardagi faoliyati va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash uchun qonun hujjatlariga rioya etilishi ta’minlanishi lozim.

Yoshlarni turli axborot xurujlari, radikal g‘oya va yot mafkuralardan himoya qilish, yosh avlodni Vatan manfaati yo‘lida birlashtirish, mamlakatimiz tarixini va milliy qadriyatlarni hurmat qilish ruhida tarbiyalash, diniy bag‘rikenglik va insoniylik tuyg‘ularini shakllantirish choralarini ko‘rishga xizmat qiladi.

Bu harakatlar yoshlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularga o‘z qobiliyatini ishlatishga yordam berish, yoshlar o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish, ozodlikdan mahrum etish joylaridan ozod qilingan yoshlarga ko‘maklashishga qaratilgan ishlarni o‘z ichiga oladi.

Yoshlar – bizning eng qimmat milliy boyligimiz. Shunday ekan, uni asrash uchun bor kuchlarni maksimal darajada safarbar etish lozim. Vatanga sadoqatli va fuqarolik mas’uliyatini anglagan avlod kuchli jamiyat demakdir.

Oliy maqsad esa bitta – jamiyatimizda bilimli, sog‘lom, mehnatsevar yoshlar, ishbilarmon tadbirkorlar, mehribon ota-onalar va faol fuqarolar avlodini shakllantirish.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA