Bugun poytaxtimizdagi Kinochilar uyida “Ipak yo‘li durdonasi” XV Toshkent xalqaro kinofestivalining ochilish marosimi bo‘lib o‘tadi.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan matbuot anjumanida Kinematografiya agentligi bosh direktori Firdavs Abduxoliqov “Ipak yo‘li durdonasi” XV Toshkent xalqaro kinofestivalining ahamiyati va uning xalqaro aloqalarni mustahkamlashdagi o‘rnini alohida ta’kidlab o‘tdi.

Tadbirda qayd etilganidek, ushbu kinofestival O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 19 iyundagi qaroriga asosan qayta tiklangan.

Firdavs Abduxoliqov o‘z nutqida Prezidentimiz tomonidan kino san’atining ravnaqiga alohida e’tibor qaratilayotgani sababli milliy kinematografiyadagi o‘zgarishlar bugun o‘z samarasini berayotganiga urg‘u berdi.

–Prezidentimizning shaxsiy tashabbusi bilan Kinochilar uyi ta’mirlandi, “O‘zbekfilm” konserni rekonstruksiyadan so‘ng yangicha qiyofa kasb etdi. Xorijdan eng zamonaviy texnika vositalari keltirilyapti. Qisqa vaqt ichida “Renessans kino uyi” qad rostladi, kino fondi qayta tiklandi, mumtoz o‘zbek filmlari xorijdan Vatanimizga qaytmoqda. Agar birgina 2016 yilda agentlik buyurtmasiga binoan yettita badiiy film suratga olingan bo‘lsa, joriy yilda ularning soni 30 dan oshadi. Ajratilgan mablag‘lar miqdori ham besh baravar ortdi. Kuni kecha Xorazm viloyatida Xudoybergan Devonov nomidagi kinoteatr ochildi va kinoshaharcha barpo etildi. Mamlakatimiz rahbarining yana bir yorqin tashabbusi – ikki yil muqaddam Toshkent kinofestivalining tiklanishi bugungi kunda O‘zbekiston madaniy hayotining tom ma’nodagi timsoli bo‘lmoqda, – dedi F.Abduxoliqov.

Matbuot anjumanida kinofestival ishtirokchilari va dasturi haqida ham ma’lumot berildi. Unga ko‘ra, kinofestivalda dunyoning 52 davlatidan 300 nafarga yaqin kinoijodkor, aktyor va aktrisa, rejissyor va operator, prodyuser va tahlilchi ishtirok etadi. Shuningdek, uning dasturidan “Kino 5 kunda”, “Milliy kino”, “Markaziy Osiyo kinosi” tanlovlari, 100 dan ortiq tadbirlar, taqdimot va namoyishlar, davra suhbatlari va mahorat darslari o‘rin olgan.

E’tiborlisi, bu yilga kinofestival dunyo kinosining taniqli namoyandalari ishtiroki bilan yanada qiziqarli bo‘ladi. Unda Sami Naseri, Frederik Difental (Fransiya), Emir Kusturitsa (Serbiya), Fedor Bondarchuk (Rossiya), Kshishtoff Zanussi (Polsha), Paula Karruega (Argentina) singari dunyo kinosining mashhurlari qatnashadi.

Kunning ikkinchi yarmida rasmiy ochilishi kutilayotgan ushbu nufuzli kinofestival tadbirlari, kino namoyishlari Toshkent, Samarqand, Buxoro, Farg‘ona, Urganch singari yirik shaharlarda tashkil etiladi.

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA