“Uzbekistan airways” korrupsiyaga sabab bo‘ladigan, ochiq-oydin ko‘rinib turgan bo‘shliqdan manfaatdormi?

Senat yalpi majlisida senatorlar hududlarda olib borgan o‘rganishlari davomida aniqlangan kamchiliklar, fuqarolarning e’tirozlariga sabab bo‘layotgan muammolarga to‘xtalib o‘tdi.

Xususan, Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burxonov murojaat asosida “Uzbekistan airways” aksiyadorlik jamiyatiga qarashli aviakassalar faoliyati bilan bog‘liq ayrim muammolar o‘rganilganini aytib o‘tdi.

Aviachipta sotishda eskirgan byurokratik usullar hamon saqlanib qolayotgani qayd etildi. Xususan, “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasining 2015 yil 25 oktyabrdagi 75-son buyrug‘i bilan tasdiqlangan yo‘riqnoma eskirgan. Undagi tegishli normalarning takomillashtirilmagani fuqarolar uchun o‘rinsiz, mantiqsiz to‘siqlarni yuzaga keltirmoqda.

Mazkur yo‘riqnomaning tegishli bandiga muvofiq, agar fuqarolar “Uzbekistan airways”ga qarashli kassalardan o‘z yaqinlari uchun aviachipta sotib olmoqchi bo‘lsa, ulardan fuqarolik pasportining asl nusxasi talab qilinadi. Pasportning asl nusxasini taqdim etmagan fuqarolarga esa aviachipta sotilmayapti.

Oqibatda, bu holat, ayniqsa, yaqinlari boshqa viloyatlarda yashayotganlar uchun qator qiyinchiliklarni yuzaga keltirmoqda. Shu bois, yo‘lovchilarning haqli e’tirozlari ko‘paymoqda.

Holbuki, “Uzbekistan airways” aksiyadorlik jamiyatining uzairways.com/uz sayti orqali onlayn tarzda fuqarolik pasportining seriya raqami va amal qilish muddatlarini ko‘rsatgan holda aviachiptani qonuniy asoslarda sotib olish imkoniyati mavjud.

Tabiiy savol tug‘iladi: agar shunday imkoniyat bo‘lsa, nima uchun “Uzbekistan airways”ga qarashli kassalardan o‘z yaqinlari uchun aviachipta sotib olmoqchi bo‘lgan shaxslardan fuqarolik pasportining asl nusxasi talab qilinmoqda?

Nima uchun yuqorida qayd etilgan yo‘riqnomaga pasportning seriya raqami va amal qilish muddatlarini ko‘rsatgan (pasport nusxasi orqali) holda aviachiptani sotib olish mumkinligi to‘g‘risidagi qoida kiritilmagan?

Zero, aviakompaniyaning veb-sayti yoki mobil ilovasi orqali mustaqil ravishda zarur shaxsiy ma’lumotlarini kiritib aviachipta sotib olgan fuqaro davlat chegarasini kesib o‘tishda Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari tomonidan kerakli baza orqali tekshiriladi va ma’lumotlar noto‘g‘ri kiritilganligi aniqlangan taqdirda, davlat chegarasini kesib o‘tishiga ruxsat berilmaydi va mas’uliyat fuqaroning o‘zida qoladi.

Tabiiyki, bunday holatlar aviachiptalar savdosidagi korrupsiyaga ham sabab bo‘lmoqda, fuqarolarga yengillik berish o‘rniga faqat tashvish va qiyinchilik keltirmoqda.

Senat tomonidan 2021 yil 19 martda “Uzbekistan airways” aksiyadorlik jamiyatiga yuqorida qayd etilgan muammoni hal etish uchun yo‘riqnomaga tegishli o‘zgartirishlar kiritish yuzasidan murojaat qilingan. So‘rov yuzasidan berilgan javobda “ushbu muammoni bartaraf etish choralari ko‘rilayotganligi” ma’lum qilingan.

– Afsuski, bundan qariyb ikki yil oldin aniqlangan va so‘rovda ko‘rsatilgan muammolar hozir ham o‘z yechimini topmagan, – dedi – Q.Burxonov. – Qolaversa, Transport vazirligiga senator murojaati takroran yo‘llangan ham. Ajablanarlisi, 2023 yil 23 iyunda “Uzbekistan airways” aksiyadorlik jamiyati boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari imzosi bilan Senatga yo‘llagan javobida hech bir asossiz bu muammoni hal qilish imkonsiz ekani ma’lum qilingan. Nahotki, fuqarolar e’tiroziga hamda korrupsiyaga sabab bo‘ladigan, ochiq-oydin ko‘rinib turgan bo‘shliqni bartaraf etib bo‘lmasa!?

N.Abduraimova, O‘zA