“SpaceX” kompaniyasi ma’lum qilishicha, “Starlink” global yo‘ldosh aloqa tarmog‘i keng ko‘lamli muammodan keyin faoliyatini tiklagan. Avvalroq “Downdetector” saytida bir necha mamlakat fuqarolari tizimga ulana olmayotgani haqida xabar tarqalgandi. Ta’kidlanishicha, foydalanuvchilarning aksariyati internet va sayt faoliyatida muammo kuzatilayotganidan shikoyat qilgan. “Starlink”ning ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida ham uzilish bo‘layotgani tasdiqlangan.

“Starlink” dunyoning istalgan nuqtasida Internetga keng yo‘lkali ulanishni ta’minlash uchun mo‘ljallangan sun’iy yo‘ldosh tarmog‘idir. Hozir koinotda tizimning 5841 qurilmasi harakatlanyapti. Umuman, 2019 yildan buyon orbitaga jami 6 mingdan ziyod yo‘ldosh uchirilgan, joriy yil esa 700 ta moslama koinotga olib chiqilgan.