Bugun – 2023 yil 29 sentyabrda Toshkent shahrida Oliy Majlis Senatining qirq beshinchi yalpi majlisi o‘z ishini boshladi.

 

Senatorlar, Hukumat a’zolari, vazirlik va idoralar rahbarlari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etayotgan majlis videokonferensaloqa tizimidan foydalangan holda o‘tkazilmoqda.

Senat Raisi Tanzila Norboyeva boshqarayotgan majlis kun tartibiga o‘nta masala kiritilgan.

Shundan yettitasi qonunlar bo‘lib, ular orasida  “Pedogogning maqomi to‘g‘risida”, “Farmatsevtika faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”, “Yer to‘g‘risidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”, “O‘lchash vositalarini qiyoslashdan o‘tkazish sohasiga xususiy sektor jalb qilinishi munosabati bilan “Metrologiya to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”, “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonunlar shular jumlasidandir.

Shuningdek, “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tizimida qonuniylikni ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilanganligi munosabati bilan “Prokuratura to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish haqida”, “Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining yaxlit tizimi shakllantirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonunlar muhokama qilinadi.

Bundan tashqari, senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) o‘rinbosarini saylash, Senat Kengashining qarorlarini tasdiqlash, Oliy sud tarkibiga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘ridagi masalalarni ko‘rib chiqadi.

Yalpi majlisda ko‘rib chiqiladigan barcha masalalar haqida saytimizda tanishtirib boramiz. Bizni kuzatib boring!

N.Abduraimova, O‘zA