Davlatimiz rahbarining 2022 yil 25 avgustdagi “Buyuk mutafakkir va qomusiy olim Abu Rayhon Beruniy tavalludining 1050 yilligini xalqaro miqyosda keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarorida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida Abu Rayhon Beruniy hayoti va faoliyati, uning jahon tamadduni rivojiga qo‘shgan ulkan hissasiga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya hamda Toshkent shahrida ulug‘ alloma tavalludining 1050 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro anjumanni o‘tkazish vazifasi belgilangan.

Mazkur topshiriq ijrosini ta’minlash maqsadida poytaxtimizda “Abu Rayhon Beruniy ilmiy merosining jahon fani rivojidagi o‘rni” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazildi.

Ushbu yirik xalqaro tadbir Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi bilan birgalikda tashkil etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi mas’ul xodimi Abduxalil Mavrulov, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, akademik Akmal Saidov, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Minhojiddin Hojimatov va boshqalar dunyoga yangi O‘zbekiston sifatida tanilib borayotgan mamlakatimizda milliy an’ana va qadriyatlarni avaylash, buyuk alloma bobolarimiz ilmiy merosini chuqur o‘rganish, ular qoldirgan boy ilmiy, ma’naviy merosni targ‘ib etish borasida tizimli ishlar olib borilayotganini ta’kidladi.

Xalqaro anjumanda buyuk qomusiy olim, jahon e’tibori va e’tirofidagi alloma Abu Rayhon Beruniyning hayoti, ilmiy faoliyati, jahon ilm-fani rivojidagi o‘rni xususida yurtimiz va xorijlik olimlar batafsil so‘z yuritdi.

Anjumanda ta’kidlanganidek, Beruniy astronomiya, matematika, ma’danshunoslik, geografiya, tarix, dorishunoslik va boshqa fanlarga oid 150 dan ortiq asarlar yozgan. Ulardan 31 tasi bizgacha yetib kelgan. Ular orasida allomaning bir qator fundamental asarlari mavjud. Masalan, “Al-Osor al-boqiya min al-qurun al-xoliya” (“Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar. Xronologiya) – qadimgi va o‘rta asrlar davlatlari va xalqlari vaqt hisobi tarixiga bag‘ishlangan bo‘lib, unda ularning diniy va milliy bayramlari haqida ma’lumot berilgan. Beruniyning “Hindiston” asari Hindiston qomusi bo‘lib, olim unda hindistonliklarning urf-odatlari, bayramlari, ilmu fani haqida ma’lumot beradi.

Abu Rayhon Beruniyning falsafa, geodeziya, matematika, astronomiya va boshqa yo‘nalishlarga doir bebaho asarlari hozirgacha jahonning yetakchi universitetlari, ilmiy-tadqiqot markazlari tomonidan katta qiziqish bilan o‘rganilmoqda.

Mutaxassislarning fikricha, alloma asarlarida ko‘rilgan har bir mavzu va masalaga o‘zi  ishlab chiqqan puxta ilmiy uslub asosida yondashganki, bu uslub hozirgi ilmiy metodologiyaga to‘liq mosdir. Jumladan, asarning mavzuidan qat’i nazar, uning yaratilishi jarayonida foydalanilgan manbalar ham xronologik, ham geografik jihatdan juda keng qamrovlidir. Alloma asarlarida miloddan avvalgi V asrdan milodiy XI asrgacha Markaziy Osiyo, Xuroson, Eron, Hindiston, Yaqin Sharq, Yunoniston, Rim va boshqa hududlarda yashagan olimlar yoki ularning asarlariga ishoralar bor.

Qadimgi tillarni bilgani va saroy kutubxonalaridan foydalanish imkoniyatiga egaligi tufayli muallif yahudiy, nasroniy va musulmonlarning muqaddas diniy kitoblari qatorida qadimda va o‘zi yashagan davrda mavjud bo‘lgan boshqa diniy e’tiqodlarning yozma va og‘zaki manbalari, antik davr yunon, rim, fors, suryon, arab, yahudiy, hind, xorazmiy, so‘g‘diy, turkiy va boshqa til hamda lahjalarda bitilgan asarlar, og‘zaki ma’lumotlarni to‘plashga muvaffaq bo‘lgan. Bu uning asarlarini nodir faktlar bilan boyitish barobarida, qadim yo yaqin o‘tmishda yashagan noma’lum mualliflar yoki asarlar haqidagi kamyob ma’lumotlarni ham taqdim etadi.

Masalan, “Saydana” asarida shunday noma’lum mualliflardan 34 tasi zikr qilingan. Beruniy asarlarida o‘z davrining fan sohalari uchun ilg‘or bo‘lgan qator yangi g‘oyalar bergan.

– Abu Rayhon Beruniy serqirra olim, benazir alloma ekanini bugun butun dunyo e’tirof etmoqda, – dedi pokistonlik olim Imron Parvezxon. – Aynan uning tadqiqotlari, bebaho asarlariga tayanib ko‘plab davlatlarning olimlari o‘z ilmiy izlanishlarini olib borganlar. Bunda Abu Rayhon Beruniy asarlari muhim poydevor vazifasini o‘tagani aniq. Biz ushbu konferensiya sabab O‘zbekistondagi yangilanish jarayonlari bilan atroflicha tanishdik. Ayni paytda tarixiy merosga juda katta ehtirom bilan munosabatda bo‘linayotganiga guvoh bo‘ldik.

– Beruniyning falsafiy qarashlari tadqiqotchi sifatida doim meni qiziqtirib keladi, – dedi jazoirlik olim Bashir Xalifi. – Mazkur konferensiya Abu Rayhon Beruniydek allomaning naqadar serqirra  olim bo‘lganini atroflicha ochib bergani bilan ahamiyatli bo‘ldi. Mazkur konferensiya bahonasida Beruniy merosi, uning ilmiy izlanishlariga doir bilimlarim yanada boyidi.

Xalqaro konferensiyada  Abu Rayhon Beruniy va jahon fani, Beruniy dorishunosligi, Beruniyning gidrologiya tarixidagi o‘rni, allomaning ijtimoiy-gumanitar fanlarga qo‘shgan hissasi kabi mavzularda qiziqarli ma’ruzalar qilindi.

Nazokat Usmonova, Murodxon Xo‘jayev (surat), O‘zA